Jahon | 00:56 / 02.06.2018
6129
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda samolyotlardan foydalanish taqiqlangan yo‘lovchilar ilk ro‘yxati e'lon qilindi 

Foto: AP/Andy Wong PeKIN, 1 iyun

Xitoy fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi havo transportidan bir yil davomida foydalanish huquqidan mahrum etilgan yo‘lovchilarning ilk “qora” ro‘yxatini e'lon qildi. 

1 iyun kuni boshqarma ishonchni yo‘qotgan 86 yo‘lovchidan iborat ushbu ro‘yxatni e'lon qildi.

“Qora” ro‘yxatga tushgan yo‘lovchilar sodir etgan qoidabuzarliklari orasida taqiqlangan buyumlarni olib o‘tishga urinish, qalbaki va boshqa odamlar hujjatlaridan foydalanish, samolyot bortida, ro‘yxatdan o‘tishda tartibni buzish, mushtlashuvlar bor.

Avvalroq ma'lum qilinganidek, Xitoyda temir yo‘l va havo transportida jiddiy hodisalar va qoidabuzarliklarning oldini olish, yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlash  uchun bir qator idoralar qoidabuzarlarni javobgarlikka tortish uchun sa'y-harakatlarni birlashtirayotgani ma'lum qilingandi.

Terakt haqida ataylab yolg‘on ma'lumot tarqatish, poyezdlar va samolyotlarda avariyaviy va xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirish, muddati o‘tib ketgan yoki qalbaki oylik chiptalardan foydalanish yoki ularni sotish, taqiqlangan joylarda chekish va chiptasiz sayohat qilishda aybdor deb topilganlar ma'muriy yoki hattoki jinoiy jazoga tortiladilar.

Shuningdek, qoidabuzarliklar orasida aeroportlarda ro‘yxatdan o‘tish, tranzit va qo‘nish hududlarini to‘sib olish, xavfli yuklar, kontrabanda, taqiqlangan buyumlarni tashish, samolyot ekipaji ishiga xalaqit qilish, mulkka zarar yetkazish, aeroport xodimlariga tahdid qilish, mushtlashuv va to‘polonlar, avariyaviy chiqish eshiklarini o‘zboshimchalik bilan ochish yoki yopish, o‘g‘rilik, bortda taqiqlangan elektron qurilmalardan foydalanish, o‘zganing o‘rni yoki yuk qo‘yish joyini egallash kabilar ham bor.

Qoidabuzarlar haqidagi ma'lumot har oy maxsus bazaga kiritib boriladi. Qoidabuzarlikning og‘ir-yengilligiga qarab fuqarolar ma'lum vaqt davomida poyezd va samolyotlarga chiptalar sotib ololmaydilar. Bu muddat yakunlangach, ular bazadan avtomatik ravishda o‘chirib tashlanadilar.

Bundan tashqari, qoidabuzarlar tegishli jarimalarni to‘lashlari mumkin.

Mavzuga oid