O‘zbekiston | 16:21 / 05.06.2018
25492
2 daqiqa o‘qiladi

434 kishiga oqlov hukmi e'lon qilindi - Bosh prokuratura

Bugun, 5 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida prokuratura xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Brifing O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta'minlash borasida belgilangan chora-tadbirlar ijrosi mavzusida olib borildi.

Berilgan ma'lumotga ko‘ra, 2007-2016 yillarda O‘zbekistonda atigi 32 nafar shaxs oqlangan bo‘lsa, 2017-2018 yillarda jami 434 nafar shaxsga oqlov hukmi e'lon qilingan. Bunga asosan jinoyat qonunchiligi liberallashuvi va qayta tergov jarayonida amalga oshirilgan ishlar sabab bo‘lgan.

Sog‘liqni saqlash, ta'lim va boshqa ijtimoiy sohalarda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i Umirbek Madrahimovning aytishicha, prokuratura 2000dan ziyod g‘ayriqonuniy hujjatlar ustidan tegishli protestlarni bildirgan. Fuqarolar va mansabdor shaxslar tomonidan joylardagi 259ta moddiy-madaniy meroslarga jami 13 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan. Prokuratura javobgar shaxslarga tergov harakatlarini olib bormoqda.

Brifingning ikkinchi qismi yig‘ilgan OAV vakillari bilan ochiq savol-javob tarzida amalga oshirildi. Ishtirokchilar o‘zlari qiziqtirgan savollariga javob olishdi. 

Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshevning aytishicha, prokuratura bundan buyon ochiq shaklda faoliyat yuritadi 

«Prokuratura bundan buyon ochiq shaklda faoliyat yuritadi. Ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda eng tez ko‘rinishda ishni olib boradi. Ma'lumotlar olinishining eng tezkor variantlari ko‘riladi. Bunday bo‘lishiga men va'da beraman», - deya prokuratura vakilining so‘zlarini keltirgan Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid