Qarorga ko‘ra, aniq yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorgarlikka ega bo‘lgan oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilariga nisbatan istiqbolga mo‘ljallangan talab-ehtiyoj, shuningdek, bitiruvchilarning tanlangan mutaxassislik bo‘yicha ishga joylashuvi monitoringi ma'lumotlari asosida 2018/2019 o‘quv yili uchun oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalari shakllantirildi.

2018/2019 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha umumiy kvota:

- bakalavrlar uchun 69.200 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha – 17.654 nafar va to‘lov-kontrakt asosida – 51.546 nafar;

- magistrlar uchun 5.903 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha – 1.552 nafar va to‘lov-kontrakt asosida – 4.351nafar;

- maxsus sirtqi bo‘limlarda bakalavrlar uchun 11.765 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha – 15 nafar va to‘lov-kontrakt asosida – 11.750 nafar etib belgilansin.

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalarida «Maktabgacha ta'lim» bakalavriat ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash o‘qish muddati 3 yil bo‘lgan bakalavriat ta'lim dasturlari doirasida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligining 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg‘ona filialiga o‘qishga qabul qilishni qaytadan tiklash haqidagi taklifiga rozilik berilmoqda.

Belgilanmoqdaki:

  • oliy ta'lim muassasalarining sirtqi va kechki ta'lim bo‘limlariga umumiy qabul kvota respublika oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga 2018/2019 o‘quv yili uchun tasdiqlangan umumiy qabul kvotasining 30 foizigacha bo‘lgan miqdorida belgilanadi;
  • oliy ta'lim muassasalarining sirtqi va kechki ta'lim bo‘limlarida o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
  • oliy ta'lim muassasalarining sirtqi va kechki ta'lim bo‘limlarida o‘qitish qiymati tegishli bakalavriat ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi o‘qitish shakli qiymatidan kam bo‘lmagan miqdorida belgilanadi.