8 iyun kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI)da Markaziy Osiyodagi birinchi Suv resurslarini boshqarishga doir innovatsiyalar va ilmiy tadqiqotlar klasteri faoliyatiga start berildi. Klaster 2017 yilning avgustida TIQXMMI bilan imzolangan Hamkorlik memorandumi doirasida Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik hamkorlik markazi qo‘llab-quvvatlashi ostida ishga tushirildi.
Tadbirni TIQXMMI rektori professor O‘ktam Umurzoqov va MOMEM (Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi) ijrochi direktori Iskandar Abdullayevlar ochib berishdi. Unda shuningdek Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Inomjon Majidov, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda 5-8 iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo Xalqaro ekologik forumi (MOXEF 2018)ning yuzdan ziyod delegatsiya rahbarlari va mehmonlari ham ishtirok etishdi.

Mazkur klaster suv sektori mutaxassislari salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan mavjud boshqa dasturlar va muassasalardan aynan talabalar bilan ishlash mexanizmini rivojlantirishga yo‘naltirilgani bilan ajralib turadi.

MOMEM ijrochi direktori Iskandar Abdullayev markaz faoliyati maqsadi bilan bo‘lishdi:
"So‘nggi 20-25 yilda rivojlanish va ta'limga doir loyihalar tashqaridan ekspertiza va ilm-fanni jalb qilish orqali muammolarni hal qilishga qaratilgan edi. Klasterning asosiy maqsadi - rivojlanishga doir loyihalarning samaradorligi va barqarorligini oshirishga kadrlar bazasini shakllantirishga turtki berish. Markaz shu yo‘nalishda tahsil oluvchi talabalar va yosh mutaxassislarni ilmiy va loyihaviy faoliyat bilan shug‘ullanishga jalb qiladi, jahon ta'lim resurslari, ilg‘or ilmiy adabiyotlar elektron kataloglari va ma'lumotlar bazasidan foydalanish ko‘lamini kengaytiradi. Bugunga kelib Markaziy Osiyo mamlakatlari oldida ilm-fan va ishlab chiqarishda sifat jihatidan yuqorilash vazifasi turibdi. Bu yuqorilash nafaqat iqtisodiy samarali, balki ekologik barqaror bo‘lishi kerak".




















