“Islom nuri” dasturining navbatdagi sonida mo‘min-musulmonlarning moliyaviy ibodati bo‘lmish zakot haqida so‘z boradi. Zakotni kimlarga berish yoki bermaslik kerak, uning tartiblari qanday?.. Bu haqda Vaqf xayriya jamoat fondi boshqaruv rahbari Jaloliddin Hamroqulov batafsil ma'lumot berdi.
YouTube'da ko‘rish
Tas-IX'da ko‘rish
- Mo‘min-musulmonlar Ramazon oyida dinimizning yana bir rukniga oid ibodatga bel bog‘laydilar. U ham bo‘lsa zakot masalasi. Zakot dinimizning besh ruknidan uchinchi o‘rinda turadigan, Qur'oni karimda o‘ttizdan ortiq o‘rinda zikr qilingan, shulardan 23 o‘rinda namoz bilan barobar qo‘yilgan.
Zakot so‘zi “o‘sish”, “poklash” ma'nosini bildiradi. Moli nisobiga yetgan boy odam zakotini ajratsa, demak moliga baraka kiradi va o‘sha moli poklanadi. Diniy ta'limot yuzasidan ta'rif beradigan bo‘lsak, maxsus moldan maxsus qismini maxsus odamlarga Allohning roziligi uchun berish zakot deyiladi. Bugungi kunda 16 million so‘m puli bo‘lib, o‘zining kundalik xarajatidan holi mablag‘i bo‘lsa, o‘sha odamning boyligi nisobiga yetgan bo‘ladi.
Zakot nima uchun Ramazon oyida belgilanadi. Hanafiy ulamolarimizning targ‘ibi bo‘yicha, bu oyda qilingan amallarga beriladigan savoblar ko‘proq bo‘lganligi uchun mana shu oy belgilangan. Ramazon oyi mashhur oy, bu oyda odamlar uning fazlini topishga harakat qilishadi. Mana shu oygacha insonning boylik nisobi yetgan bo‘lsa, u o‘z xarajatlaridan tashqari boyligining qirqdan bir qismini maxsus odamlarga beradi. Maxsus odamlar kimlar? Alloh taolo Tavba surasining 60-oyatida kimlarga zakot berish kerakligi haqida bayon qilgan. Unda sakkiz toifa kishi bayon qilingan bo‘lsa, bugungi kunda ulardan ikkitasi mana shu ro‘yxatdan chiqadi.
Bugun har bir inson bu ibodatning farzligini, uning ajr-mukofoti qanchalik buyuk ekanligini his qilsa, albatta, qiziqadi. Birov kelib molingdan zakot berdingmi, deb eslatishi shart emas, chunki bu ibodat. Ibodat bo‘lganidan so‘ng mo‘min-musulmon kishi o‘zi his qilishi va uni mukammal ado qilishga intilishi lozim.
















