O‘zbekiston | 17:08 / 13.06.2018
26505
3 daqiqa o‘qiladi

Hokim Toshkent shahrida yana qancha yangi uylar qurilishini aytdi

Foto: Xalqaro press-klub

Xalqaro press-klubda Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirokida «Toshkent: aqlli, obod va sevimli shahar uchun umumiy harakatlar rejasi» mavzusida navbatdagi sessiya bo‘lib o‘tdi. Unda Sergeli tumani hokimi Nozim Husanov ham qatnashdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Sergeli tumanida 2017 yil yakunida 120ta ko‘p qavatli uylardagi 4 400ta xonadon fuqarolarga topshirildi. Bu yil esa 150ta ko‘p qavatli uylar qurilmoqda, bu orqali 5 040ta yangi xonadon fuqarolarga topshiriladi. Uylarning narx-navosiga to‘xtaladigan bo‘lsak, shuni aytib o‘tish lozimki, bu dastur boshlanishida ushbu xonadonlarni hamyonbop qilish, aholiga qulaylik yaratish maqsadida qator imtiyozlar berilgan. Bunda asosiy qurilish mahsulotlari ishlab chiqaruvchilardan tannarxida olinmoqda, uy-joylarni qurayotgan tashkilotlarga soliq imtiyozlari berilgan. Shuning uchun ham bu uylar eng qulay narxdadir. 

Sergelida metro liniyasi bo‘yicha ham qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Bu ham tumanni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishda o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. Yangi qurilayotgan uy-joylarda istiqomat qiladigan fuqarolarga ham ertaga transport-logistika bo‘yicha juda qulay sharoitlar yaratadi», - dedi Sergeli tumani hokimi. 

Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayevning aytishicha, yaqin kunlarda Chilonzor tumani Do‘mbirobod mahallasida ham shunga o‘xshash qurilish boshlanadi. 

«Do‘mbirobod mahallasida 3 mingta kvartirani qurilish ishlari boshlanadi yaqinda. U ham ijtimoiy kam ta'minlangan oilalar va nogironlarga, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga beriladi. Bundan tashqari, Sergeli tumanida 2 mingta xonadonga mo‘ljallangan kampus tipidagi uylar qurilishi boshlandi. Shu yilning oxirigacha poytaxtning 11 tumanida 50dan 120ga qadar ko‘p qavatli uylar quriladi. Ular tez quriladi va narxi nisbatan arzon bo‘ladi. Hozirda tegishli xatlov ishlari olib borilmoqda», - dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent hokimi poytaxtdagi muammolarni sanagandi.

Mavzuga oid