Dunyoga tanilgan FIFA referisi Ravshan Ermatov qatorasiga uchinchi marotaba jahon chempionatlari final bosqichi o‘yinlarini boshqaradi.
Hozirgi vaqtda u yordamchilari Abduhamidullo Rasulov va Jahongir Saidov bilan birga Rossiyadagi FIFA hakamlari lagerida musobaqaga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichida ishtirok etmoqda.
Sports.uz sayti musobaqa arafasida taniqli referi fikrlari bilan qiziqdi.
So‘nggi yillarda hakamlarga bo‘lgan talablar qanchalik o‘zgardi? 8 yil avvalgi JARda o‘tgan turnir va hozirgi musobaqaga tayyorgarlik jarayonida farq bormi?
- Farq bor va ular ancha jiddiy deyish mumkin. Hakamlarning jismoniy tayyorgarligiga bo‘lgan talablar, nazorat qiluvchi me'yorlar yangilandi. Ular o‘yin vaqtidagi holatlarga juda yaqinlashtirilgani e'tiborga loyiq. Jumladan, mashg‘ulotlar vaqtida yo‘nalishni, masofani va tezlikni keskin o‘zgartirgan holda yugurishga urg‘u berilmoqda: ma'lum muddat xotirjam yurib borib, so‘ngra katta tezlikda yugurishga o‘tamiz... – hozir hamma narsa o‘ta murakkablashib ketdi. Boshqa tomondan olinsa, o‘zimiz uchun ham qiziqarliroq bo‘lmoqda. Umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarlikning ahamiyatini ta'kidlagan holda aytishim mumkinki, bugungi kunda hakamlar chinakam atlet bo‘lishlari shart.
- Hakamlarining ruhiy tayyorgarligidagi o‘ziga xos jihatlar qanday? Bunda qat'iyat, dadillik, halollik kabi xislatlar o‘rni haqida to‘xtalsangiz
- Juda muhim aspekt. Ishonch bilan ayta olamanki, ikkilanuvchi va qo‘rqoq odamlar bu sohaga kelmagani ma'qul. Shubhasiz, hakam adolatli qarorlar qabul qilishi, o‘ynayotgan raqiblar, tomoshabinlar, murabbiylar qatori o‘ziga nisbatan ham halol bo‘lishi shart. Aks holda hakamlik qilmagani durust. Hakamning tashqi faktorlar, jumladan, o‘ziga nisbatan ruhiy bosim o‘tkazilishi yoki yo‘ldan urishga urinishlarga qarshi tura olishi ham juda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada hammaning bir xil tayyorgarlik ko‘rishini tasavvur qilish mushkul, chunki har bir inson o‘ziga xos xarakterga ega: kimdir tabiatan dovyurak, boshqa birovda bu hislat unchalik rivojlanmagan bo‘lishi mumkin. Agar odam 10 ballik tizim bo‘yicha uch bahoga loyiq tayyorgarlikka ega bo‘lsa, uni maxsus dasturlar yordamida 4 yoki 5-darajaga olib chiqilar. Lekin bu kamlik qilishi tabiiy. Qat'iy xarakterga ega bo‘lgan, boz ustiga, dilida adolat hissi jo‘sh urib turuvchi insonlar uchun esa ruhiy tayyorgarlik dasturlari, albatta, foyda beradi. O‘zi ular shundoq ham bosimlar yoki avrashlarga qarshi tura oladiganlar toifasidan bo‘lishadi. Maxsus dasturlar esa muayyan vaziyatlarda odob-ahloq nuqtai nazaridan o‘zini qanday tutish ma'qulroq ekanini ko‘rsatib beradi. Shu ma'noda ruhiy tayyorgarlik katta va muhim rol o‘ynaydi.









