O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2018 yil 12 iyun kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar kun tartibiga kiritilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar. Qonun loyihalari dastavval siyosiy partiyalar fraksiyalarining, O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, qo‘mitalar va ular huzurida faoliyat ko‘rsatayotgan ekspert guruhlarining majlislarida muhokama qilindi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot xizmati.
Deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tgan majlis jarayonida muhokama qilingan va kontseptual jihatdan ma'qullangan edi.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash chog‘ida parlament quyi palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a'zolari tomonidan joylarda ushbu soha mutaxassislari, olimlari ishtirokida 10 ga yaqin kengaytirilgan yig‘ilishlar tashkil etildi. Muhokamalar yakunlariga ko‘ra to‘plangan barcha takliflar umumlashtirildi va tahlil qilib chiqildi. Shuningdek qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi doirasida Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytiga joylashtirildi. Umuman olganda, fuqarolarning 50 dan ziyod takliflari o‘rganilib, ulardan eng dolzarblari qonun loyihasini maromiga yetkazishda hisobga olindi.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta'minlash, davlatning konstitutsiyaviy tuzumini va hududiy yaxlitligini himoya qilish, fuqarolar tinchligini, millatlararo hamda konfessiyalararo totuvlikni saqlash, ekstremizm sohasidagi huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish, aniqlash va ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta'minlash imkonini berishi deputatlar tomonidan qayd etib o‘tildi.
«O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish davomida ta'kidlandiki, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi deputatlari tomonidan xorijiy mamlakatlarning ushbu sohadagi tajribasini o‘rganishga e'tibor qaratildi. Chunonchi, tadbirkorlar birlashmalariga majburiy a'zolikning kiritilishi biznes hamjamiyatini o‘zaro uyg‘unlashtiradi va iqtisodiyotning umuman rivojlanishiga ijobiy ta'sir etadi. Qonun loyihasi tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi normativ-huquqiy bazani biznes hamjamiyatini institutsional rivojlantirish orqali takomillashtirishga qaratilgan.















