Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida «Xalq ta'limi tizimidagi pedagog xodimlarning ijtimoiy mavqeini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qaror loyihasi e'lon qilindi.
Hujjatda bugungi kunda xalq ta'limi muassasalari pedagog kadrlarining ijtimoiy himoyasini yanada oshirish borasidagi islohotlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammo va kamchiliklar belgilab berilgan.
Qaror loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining:
eng yaxshi fan o‘qituvchilarini chet ellardagi yetakchi ta'lim muassasalariga malaka oshirish uchun qisqa muddatli stajirovkalarga yuborish;
rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan dam olish kunlarida va ta'til davrlarida ta'lim muassasalarining pedagoglariga o‘z o‘quvchilari bilan sayohatlar uyushtirishiga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan yurtimizning tarixiy-madaniy markazlari va noyob tabiat go‘shalariga sayohatlarini tashkil etish;
ta'lim muassasalari pedagog kadrlarini davlat mukofotlariga tavsiya etish salmog‘ini ko‘paytirish, shuningdek tarmoq mukofotlari sonini oshirish;
ta'lim muassasalari pedagog kadrlarining ma'naviy dunyosini, ish faoliyatini, ular oilasidagi bahamjihatlik muhitini, ro‘zg‘orlaridagi saranjom-sarishtalikni ommaviy axborot vositalari orqali aholiga namuna qilib ko‘rsatish maqsadida turkum ko‘rsatuv va maqolalar sonini ko‘paytirish;
xalq deputatlari viloyat va tuman (shahar) Kengashlari deputatligiga va fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) hamda saylash asosida jamoat tashkilotlariga tayinlanadigan rahbarlik lavozimlariga tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolar fikrini inobatga olgan holda, nomzodlarni ilg‘or va tashabbuskor pedagog kadrlar tarkibidan ko‘rsatishni keng joriy qilish;
ta'lim muassasalari pedagog kadrlarining sog‘liqlarini profilaktika qilishni yaxshilash borasida ularni sog‘liqni saqlash organlari tomonidan bir yilda bir marotaba keng qamrovli bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
ta'lim muassasasi va xalq ta'limi boshqaruv organlarida 5 yildan ortiq faoliyat olib borayotgan, o‘z kasbiy mahoratini namoyon qilayotgan, ta'lim sifatiga munosib hissa qo‘shayotgan pedagoglar uchun arzon uy-joylar qurilishi dasturi doirasida uy-joy sotib olishlari uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.

















