Samarqand viloyatining Paxtachi tumanidagi «Dorkomplektsnab Plus» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga (direktori Abubakr Berdiyev) tegishli yuk tashuv avtomashinalardan ikkitasi Paxtachi tuman YHXB boshlig‘i, mayor Zokir Turdiyev tomonidan shaxsan jarima maydonchasiga kiritib qo‘yilganligi sababli korxonaning ishi to‘xtab turgani haqida murojaat tahririyatimizga kelib tushgach, KUN.UZ voqea joyida bo‘lib, vaziyat bilan yaqindan tanishdi.

«Dorkomplektsnab Plus» MChJ granit toshlardan turli o‘lchamdagi sifatli shag‘al mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona bo‘lib, uning mahsulotlarini, asosan, «O‘zbekiston temir yo‘llar» AJ xarid qiladi. Shuningdek, 150 ga yaqin ishchi mehnat qilayotgan korxona ishlab chiqarayotgan yuvilgan, sifatli shag‘allar Navoiydagi yangi IES qurilishiga ham jo‘natilmoqda.

Ayni paytda Paxtachi tumanida g‘alla o‘rimi qizg‘in pallaga kirgan. 6 iyun kuni kech soat 17:00 lar atrofida «Dorkomplektsnab Plus» MChJning karerdan granit toshlarini olib kelib maydalovchi bunkerga to‘kib ketayotgan «Kamaz» rusumli yuk tashuvchi, zirhlangan avtomashinalaridan ikkitasini Paxtachi tuman YHXB rahbari Z.Turdiyev shaxsan to‘xtatadi va hujjatlaridan biri (texpasporti) yo‘qligi uchun jarima maydonchasiga olib borishni buyuradi.

Avtomashina haydovchilarining bizga ma'lum qilishlaricha, ularning haydovchilik guvohnomasi va taloni bo‘lgan, faqat smena topshirilayotgan chog‘da texpasport garaj mudiri qo‘lida rasmiylashtirish uchun qoldirilgan. Garaj mudiri xonasi voqea joyidan 500 metr narida bo‘lishiga, texpasportni olib kelib, YPX xodimlariga ko‘rsatganiga qaramasdan mashinalar jarima maydonchasiga olib ketilgan.

Bu voqea mashinalar aholi punktida emas, qo‘riqlanadigan obekt hududida harakat qilib turgan chog‘da yuz berganiga alohida e'tibor berishingizni istar edik.

Abubakr Berdiyevning ta'kidlashicha, korxonaga tegishli va o‘sha atrofdagi yuk tashuvchi avtomashinalarni g‘alla tashish uchun majburiy jalb qilish maqsadida tashrif buyurgan tuman YHXB boshlig‘i rad javobini olgach, mana shunday yo‘l tutishga qaror qilgan.