KUN.UZ saytida samarqandlik bloger Mirzo Subxanovning janubiy koreyalik investorga tegishli, sud tomonidan unga qaytarib berilishi haqida qaror chiqqan, Majburiy ijro byurosi Tayloq tuman bo‘limi tomonidan xatlangan mol-mulki talon-toroj etilayotgani haqidagi blogposti ko‘chirib bosilgan edi.

Ushbu ma'lumotlar saytimizda e'lon qilingach, Majburiy ijro byurosi blogpostda ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha tahririyatga raddiya taqdim etdi.

Biz ushbu voqeani o‘zimiz chuqurroq o‘rganishga qaror qildik.

O‘zi nima bo‘lgan?

Tayloq tumanidagi «Ideal Klass Qurilish» MChJ Janubiy Koreyadagi «Korea Uzbekistan Technology Collaboration» Co. Ltd bilan 2014 yildagi shartnomasi asosida 312 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan, toshni shag‘alga aylantiruvchi uskunalarning butlovchi qismlarini olib kirish borasida shartnoma imzolaydi. «Ideal Klass Qurilish» MChJ «Hamkorbank»dan 100 ming AQSh dollari kredit olib, uni Janubiy Koreya firmasiga o‘tkazib beradi.

Koreys tadbirkorlar 312 ming dollarlik mahsulotlarni yetkazib beradi va og‘zaki kelishuv asosida 212 ming dollari hisobiga korxonaning ustav fondiga kirib, qo‘shma korxona tuzishmoqchi bo‘lishadi. Koreys firmasi vakilining sudda aytishicha, keyinchalik tayloqliklar va'dasiga vafo qilishmaydi, orada ziddiyat kelib chiqadi.

«Ideal Klass Qurilish» MChJ ta'sischisi va direktori Jamshid Isrofilov sudda uskunalarning o‘zi narxi 100 ming AQSh dollari bo‘lganini e'tirof etadi. Biroq Davlat bojxona qo‘mitasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasining ma'lumotnomasiga ko‘ra, O‘zbekistonga «Korea Uzbekistan Technology Collaboration» Co. Ltd tomonidan aynan 312 ming dollarlik uskunalar olib kirilgan.

Samarqand viloyat xo‘jalik sudining 2017 yil 5 maydagi qaroriga ko‘ra, «Ideal Klass Qurilish» MChJ tomonidan foydalanib kelinayotgan 312 ming dollarlik uskuna «Korea Uzbekistan Technology Collaboration» Co. Ltd ishonchli vakiliga qaytarilishi; «Korea Uzbekistan Technology Collaboration» Co. Ltd esa uskuna uchun bank orqali ko‘chirib berilgan 100 ming AQSh dollarini «Ideal Klass Qurilish» MChJga qaytarib berishi lozim.