O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Ramazon hayiti munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Tabrik matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan e'lon qilingan.
Qadrli va muhtaram vatandoshlar!
Sizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni mehr-oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi – muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Bu qutlug‘ bayramda hammamiz avvalo shunday fayzli va barokatli kunlarga yetkazgani uchun Olloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz.
Oila, mahalla va jamiyat ahliga mehr va e'tibor ko‘rsatish, ko‘makka muhtoj, ehtiyojmand kishilarga beg‘araz yordam berish, yaxshilik, sabru qanoat kabi ezgu fazilatlarni o‘zida mujassam etgan bu bayramning ma'no-mazmuni bugungi kunda O‘zbekistonda olib borilayotgan siyosatga g‘oyat uyg‘un va hamohang ekanini, o‘ylaymanki, shu saodatli damlarda har birimiz chuqur his etmoqdamiz.
Ayni vaqtda muqaddas islom dinining ana shunday buyuk insonparvarlik tamoyillarini asrash, targ‘ib etish hozirgi shiddatli zamonda o‘ta dolzarb vazifaga aylanib borayotganini barchamiz yaxshi tushunamiz. Mamlakatimizda keyingi paytda bu borada ko‘p ishlar qilinayotgani sizlarga yaxshi ma'lum, albatta. Jumladan, ulug‘ allomalarimiz Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy markazlar, Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etilgani shu yo‘ldagi ulkan qadamlar bo‘ldi.
Bugungi kunda butun insoniyat hayotiga tahdid solayotgan xavf-xatarlarga qarshi jaholatga qarshi – ma'rifat asosida kurashish, dinimiz pokligini saqlash bo‘yicha mamlakatimiz tomonidan nufuzli xalqaro minbarlardan qator amaliy tashabbuslar ilgari surilmoqda. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida “Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik” degan nom bilan maxsus rezolyutsiya qabul qilish haqida bildirgan taklifimiz jahon miqyosida keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Shu ulug‘ ayyom kunlarida uzoq va yaqin musulmon mamlakatlarning xalqlarini, barcha do‘stlarimizni samimiy qutlab, ularga tinchlik, taraqqiyot va farovonlik tilashdan behad mamnunmiz.
Muhtaram yurtdoshlar!
O‘zbekistonimiz yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yib, barcha sohalarda o‘zgarish va yangilanishlar kuchayib borayotgani, Ramazon hayiti munosabati bilan yurtimizda uch kunlik dam olish e'lon qilingani bu yilgi bayramga alohida fayz va tarovat bag‘ishlamoqda.

















