15:13 / 16.06.2018
18896

Shavkat Mirziyoyev Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 16 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari butun musulmon dunyosi uchun shodlik va shukronalik, xayr-saxovat ayyomi bo‘lgan qutlug‘ Ramazon hayiti munosabati bilan o‘zaro tabrik almashdilar.

Turkiya prezidenti ushbu muborak kunlarda Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishiga tamal toshi qo‘yilishini yuqori baholadi va ushbu markaz ma'rifiy islomni rivojlantirish hamda buyuk ajdodlarimizning boy merosini dunyo hamjamiyatiga yetkazishda katta xizmat qilishini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Tomonlar oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar va muloqotlar yaxshi an'anaga aylanib borayotganini, ikki mamlakat o‘rtasida abadiy do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari kun sayin mustahkamlanayotganini mamnuniyat bilan ta'kidladilar.

Shu yil 29 aprel – 1 may kunlari Turkiya Respublikasi prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga amalga oshirgan ilk tarixiy davlat tashrifi doirasidagi samarali uchrashuv va muzokaralar, o‘zaro manfaatli hamkorlikning keng yo‘nalishlari bo‘yicha erishilgan aniq kelishuvlar, imzolangan muhim shartnoma va bitimlar mamlakatlar va xalqlarning ravnaqi hamda farovonligiga xizmat qilishi chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muloqot davomida ikki davlat rahbarlari savdo, investitsiya, bank-moliya, transport, turizm, infratuzilma va boshqa muhim sohalardagi hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.

Shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Suhbat so‘ngida davlat rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi azaliy do‘stlik, qardoshlik va bir-biriga hurmat tamoyillariga asoslangan munosabatlarni hamda ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanlarini yana bir bor tasdiqladilar.

Top