O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan homiy tashkilotlarning Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining viloyatlardagi bo‘limlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga bir marta 500,0 mln. so‘mdan homiylik xayriyalarini ajratish va keyinchalik doimiy homiylik xayriya yordamini ko‘rsatish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.
Homiy tashkilotlar va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining viloyatlardagi bo‘limlariga ular o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi “Do‘stlar klublari”ni tashkil etish tavsiya qilindi:
homiy tashkilotlar va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining viloyatlardagi bo‘limlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish va ularning samarali bajarilishini tashkil etish;
homiylik xayriyalaridan maqsadli foydalanishni muvofiqlashtirish, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining viloyatlardagi bo‘limlari va homiy tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni “Do‘stlar klublari”ning yig‘ilishlarida muhokama qilish va istiqbolli vazifalarni hamkorlikda belgilash;
Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining viloyatlardagi bo‘limlari tomonidan ijodkorlar va homiy tashkilotlarning xodimlari o‘rtasida ijodiy uchrashuvlar, turli madaniy- ma'rifiy tadbirlar, ijodkorlarning badiiy asarlari orqali homiy tashkilotlar faoliyati targ‘ibotini tashkil qilish.
Belgilab qo‘yilishicha:
Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining viloyatlardagi bo‘limlari faoliyati O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi “Ijod” jamoat fondi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Bunda Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining viloyatlardagi bo‘limlariga ajratiladigan homiylik xayriyalari “Ijod” fondi tomonidan ajratilayotgan maqsadli mablag‘lar o‘rniga sarflanishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining viloyatlardagi bo‘limlari rahbarlari homiylik xayriyalaridan tushadigan mablag‘lar maqsadli sarflanishiga shaxsan javobgardirlar.
“Ijod” fondining hududiy bo‘limlarini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilandi:















