So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston dunyoga ochilib bormoqda. Ichki va tashqi siyosatini shaffoflashtirish borasida qadam qo‘ymoqda. Bundan tashqari davlat rahbari siyosiy irodasining amaliy namunasi o‘laroq xorijiy mamlakatlarga chiqib ketgan va u yerlarda ishlayotgan o‘zbekistonliklarni mamlakatga qaytarishga chorlashlar bir necha bor yangradi.

Mehnat muhojirlarining sha'nini tiklash, ularning majbur bo‘lgani sababli xorijga ketganini tan olish, O‘zbekiston tashqi siyosat mahkamasi konsullik idoralarining xorijdagi vatandoshlarga xizmat ko‘rsatishini kuchaytirish, xorijda musibatga uchragan muhojirlarga yordam berish kabilar shular jumlasidan. Dunyo hamjamiyati ham O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni ehtiyotkorlik bilan bo‘lsa-da, yuqori baholamoqda. Qolaversa, xorijdagi o‘zbekistonliklar o‘zbekistonlik ekanliklaridan faxr tuyg‘usini tuya boshlashdi.  

Biroq ayrim holatlarda yaqin qo‘shni mamlakat, aniqroq aytganda, eng ko‘p o‘zbekistonlik mehnat muhojiriga ega bo‘lgan Rossiya Federatsiyasida o‘zbekistonliklarga nisbatan jiddiy choralar ko‘rilmoqda. Federal migratsiya xizmati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga 2018 yilgi Jahon chempionati vaj qilib ko‘rsatilmoqda. Tozalash tadbirlari davomida qo‘lga olingan mehnat muhojirlari FMXning Vaqtinchalik saqlash markazlarida bir necha oy, hatto yillab saqlanmoqda.

Bunday deyishga asos bor, albatta. KUN.UZ Rossiyaning Rostov shahridagi shunday markazlardan birida qariyb 5 oy mobaynida saqlangan hamda yaqinda vatanga qaytib kelgan mehnat muhojiri bilan uchrashib, Vaqtinchalik saqlash markazlaridagi shart-sharoitlar, mehnat muhojirlarining o‘zaro muomalasiga doir tasavvurni shakllantirishga urinib ko‘rdi. Quyida mazkur suhbat e'tiboringizga havola etiladi.

  • Siz Rossiyaga ketib, ishlab, taqdir taqozosi bilan muhojirlar vaqtincha saqlanadigan joyda ham bo‘lib, keyin vataningiz O‘zbekistonga yaqinda qaytib kelishga muvaffaq bo‘libsiz. Umuman, nima maqsadda, qanday rejalar bilan Rossiyaga ketdingiz? Niyatlaringiz amalga oshdimi?
  • O‘tgan yili (2017 yil-tahr.) bahorda borgandim. Dokument (ishlashga ruxsat beruvchi hujjat – patent nazarda tutilmoqda) qildim. Rossiyada dokument qilish ham juda qimmat. Bu ishda ham posredniklar (vositachi) paydo bo‘lgani uchun ko‘p pul kerak. Davlat belgilaganidan ko‘proq pul olishadi. Topgan pulingiz yetmaydi. Shu sababli, ko‘p o‘zbekistonliklar patentga to‘lamay qo‘yib, noqonuniy ishlashni ma'qul ko‘rishadi. Ishsizlik juda ko‘p. Ko‘p muhojirlar noqonuniy muhojirlikni o‘zlari tanlashmoqda. 80-90 foiz muhojirlar shunday bo‘lsa kerak, chamamda.