O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan e'lon qilindi.
«Avvalambor, siz, azizlarni, soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan muhtaram faxriylarimizni 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etish, barchangizga chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildirish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi», - deyiladi tabrik avvalida.
«Jamiyatimizda demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, fuqarolarimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta'minlash, dunyoda va mamlakatimizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy ma'lumotlar yetkazish borasida siz, matbuot ahlining fidokorona mehnat qilayotganingizni xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
Sizlar kabi ming-minglab olijanob kasb egalarining sa'y-harakatlari, iste'dod va mahorati bilan mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xalqimiz hayotiga, uning quvonch va tashvishlariga tobora yaqin bo‘lib, O‘zbekistonning yangi, demokratik qiyofasini shakllantirishda g‘oyat muhim rol o‘ynamoqda», - degan prezident.
Qayd etilishicha, mustaqillik yillarida mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining soni qariyb 4 barobar ko‘payib, 1500 taga yetgani ushbu tarmoqda o‘sish, o‘zgarish jarayonlari izchil davom etayotganidan dalolat beradi.
Eng muhimi, soha rivojida ana shunday miqdor o‘zgarishlari bilan birga sifat o‘zgarishlari ham yuz bermoqda. Buning tasdig‘ini milliy media maydonimizda fuqarolik jamiyatining muhim sharti bo‘lgan nodavlat ommaviy axborot vositalari tarmog‘i kengayib, samarali faoliyat ko‘rsatayotgani, internet jurnalistikasi jadal rivojlanib borayotgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Keyingi paytda ommaviy axborot vositalari xodimlarining demokratik jarayonlar, fuqarolik jamiyatini barpo etishdagi o‘rni va nufuzini, mahalliy gazetalar, tele-radiokanallarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, eng asosiysi, matbuotda fikrlar, qarashlar xilma-xilligini ta'minlash bo‘yicha jiddiy ishlar amalga oshirilgani sizlarga yaxshi ma'lum, albatta.
«Gazetalarimiz, tele-radiokanallarimizda oshkoralik, tahlil va xolis tanqid ruhi kuchaygani, bevosita xorijiy mamlakatlardan tayyorlanayotgan materiallar soni ortib borayotganini biz har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz.
















