O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Hujjatga ko‘ra, yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash, band bo‘lmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar va biznes yuritish ko‘nikmalariga o‘qitish, shuningdek, umuman yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish orqali ularning bandligini ta'minlashga qaratilgan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturini Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida va Toshkent shahrining Chilonzor tumanida amalga oshirish boshlangan.

2018 yil 1 iyuldan boshlab respublikaning barcha tuman (shahar)larida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi amalga oshiriladi.

Davlat dasturi doirasida quyidagilar amalga oshirilishi belgilandi:

a) O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasini, shuningdek, uning tuman va shahar filiallarini tashkil etish, Jamg‘armaning mablag‘laridan Davlat dasturidagi tadbirlarni moliyalashtirish, jumladan, quyidagilarni amalga oshirish uchun foydalanish:

yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish;

Davlat dasturi doirasida olinadigan kreditlar bo‘yicha kredit hajmining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafilliklar berish;

Davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan tadbirkorlik loyihalarida ular qiymatining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ishtirok etish, keyinchalik Jamg‘arma ulushini 5 yil davomida realizatsiya qilish;

tegishli ko‘nikmalarga ega band bo‘lmagan yoshlar yashaydigan uy xo‘jaliklari uchun 20 tagacha parranda va quyon bolasi, 5 ta mayda va 2 ta yirik qoramol sotib olish, ularning qiymatini kelishilgan muddatlarda qaytargan holda ularni boqish va keyinchalik realizatsiya qilishda ko‘maklashish;

b) yoshlarning qayta tayyorlanishi va malaka oshirishini tashkil etish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, shuningdek, ularga biznes yuritish ko‘nikmalarini singdirish;