Bugun Braziliya jahon chempionatidagi ilk jiddiy sinovni boshdan kechiradi, Samarada Tite shogirdlari Xuan Karlos Osorio boshchiligida Meksikaga qarshi maydonga chiqadi. Aynan murabbiylarning harakatlari bugun hal qiluvchi bo‘lib chiqishi mumkin.

Braziliya — Meksika («Samara Arena», 19.00)

Braziliya va Meksika guruh bosqichida turli o‘yinlar ko‘rsatishdi. Pentakampeonlar birinchi turda Shveytsariyaga bir ochko taqdim qilishdi (1:1), kosta-rikaliklarga 90 daqiqa davomida gol ura olishmadi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Koutino va Neymarning gollari g‘alaba keltirdi (2:0), uchinchi turda esa ikkinchi turdayoq keyingi bosqichdan umid uzib bo‘lgan Serbiya osonlik bilan taslim etildi (2:0).

Meksikaliklar esa chempionatning birinchi turida sensatsion ravishda Germaniyani yengdi (1:0), Janubiy Koreya ham mag‘lub etildi (1:0), bu natijalardan keyin meksikaliklar birinchilardan bo‘lib keyingi bosqich masalasini hal qilishdi, oxirgi turda g‘alaba suv va havodek zarur bo‘lgan shvedlar to‘liq hujumda o‘ynab, Meksika darvozasiga 3ta gol yo‘llashdi (3:0).

Tite Osorioga qarshi

Foto: Sport Ekspress

Samarada turnirning ikki eng yaxshi murabbiyi to‘qnashadi. Ularning ikkisi ham yetuk taktiklar.

Titening Braziliya terma jamoasidagi yo‘li yorqinroq kechmoqda - u terma jamoaga kelganidan buyon (2016 yildan) faqat bir marta yutqazdi, uning boshchiligida terma jamoa JCh-2018 saralash bosqichini ajoyib o‘tkazdi. U terma jamoani tarqoq holida, 2014 yilgi jahon chempionatida keyingi inqiroz davom etayotgan holida, Dungadan qabul qilib olgandi.

Endi u shakllantirgan terma jamoa jahon chempionatiga asosiy favoritlardan biri sifatida tashrif buyurgan. Braziliya o‘yindan-o‘yinga kuchayib bordi, futbolchilar bir-birini ajoyib tushunmoqda. Tite futbolchilarni asosiy tarkib futbolchilari va zaxira tarkibi qilib ajratmadi, barcha o‘zini bir jamoa a'zosi sifatida his qilmoqda. Shuning uchun ham, uchinchi turda Felipe Luis xuddi Marselo kabi harakat qila oldi. Fagner esa Daniluning yo‘qligini bilintirmadi.

Tite juda yaxshi psixolog va taktikdir. U injiq Neymarni o‘ynata olmoqda, avvaliga hadeb yiqilavergan bu futbolchi uchinchi turda haqiqiy futbolchilardek harakat qila boshladi. U futbolchilarini xatolari uchun tanqid qilmaydi, ularga keyingi safar qanday harakat qilish lozimligini tushuntiradi. U futbolchilari bilan suhbatlarda goh mashhur basketbolchi Lebron Jyeymsning yulduzlikka berilmay, jamoaviy o‘yinda qanday harakatlanishini namuna qilib keltiradi, goh siyosatchi Nelson Mandeladan iqtiboslar keltirib, qo‘rquvni qanday yengishni o‘rgatadi.