O‘zbekiston | 17:35 / 02.07.2018
19207
2 daqiqa o‘qiladi

Go‘zal Islomova: «​Ilk marta hukumat, davlat organlari va vazirliklar tadbirkorlar bilan yaqindan  hamkorlik qildi»​

Foto: Xalqaro press-klub

O‘zbekistonda [soliq konsepsiyasi] hujjatining qabul qilinishi ilk marta hukumat, davlat organlari va vazirliklarning tadbirkorlar bilan yaqindan hamkorlikda ish olib borganidan darak beradi, deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori o‘rinbosari Go‘zal Islomova.

«Esingizda bo‘lsa, asosiy masala tadbirkorlik sub'yektlarining to‘laydigan yuqori soliq yuklamasidan boshlangandi. Bu masala nafaqat korxonalarning daromadlari bilan, balki jismoniy shaxslarning daromadi va ish o‘rni bilan bog‘liq. Shunday qilib, mazkur konsepsiya har ikkala masalaga ham adolatli yechim beroldi», deydi Go‘zal Islomova 2 iyul kuni yangi soliq islohotlari mavzusida o‘tkazilgan anjumanda.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, agentlik direktori kichik tadbirkorlik sub'yektlarining soyadagi iqtisodiyotdan faol chiqishiga umid bog‘lamoqda.

«Vaziyatning eng tahlikali jihati shundaki, kichik tadbirkorlik sub'yektlari ishchi xodimlarining soniga qarab, soliq to‘lagan. Kontseptsiya bu masalaga nuqta qo‘yadi. Endilikda kichik tadbirkorlik sub'yekti deganda yillik daromad aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshmagan ishbilarmonlarni tushunishimiz kerak», deb qo‘shimcha qilgan u.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Unda O‘zbekistonda soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining asosiy yo‘nalishlari belgilangandi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid