Maktabgacha ta'lim tizimini tubdan isloh qilish va takomillashtirish, maktabgacha ta'lim muassasalarini davlat tomonidan boshqarishning samarali tizimini yaratish hamda uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida so‘nggi yilda qabul qilingan qat'iy chora-tadbirlar natijasida Maktabgacha ta'lim vazirligi va uning joylardagi hududiy bo‘linmalari tashkil qilindi.

O‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish-ta'mirlash ishlarini tashkil etish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, hududlarni obodonlashtirish, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishini ta'minlash borasidagi vakolatli davlat organlarining faoliyati ayniqsa joylarda hamon past darajada qolmoqda.
Shuningdek, davlat maktabgacha ta'lim muassasalari infratuzilmasi va moddiy-texnika bazasining holati zamon talablariga to‘liq darajada mos kelmaydi va mamlakat aholisining o‘sib borishini e'tiborga olganda bolalarning maktabgacha ta'lim bilan zarur darajada qamrab olinishini ta'minlash imkonini bermaydi.
So‘nggi 20 yil davomida davlat tasarrufidagi maktabgacha ta'lim muassasalari soni 45 foizga kamaygan. Buning oqibatida maktabgacha yoshdagi 2 523 000 boladan 830 000 nafari yoki 33 foizi maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrab olingan, xolos.

Jumladan, bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi Surxondaryoda - 13 foizni, Jizzaxda - 23,2 foizni, Qashqadaryoda - 23,3 foizni, Samarqandda 24,7 foizni tashkil etib, respublika ko‘rsatkichidan ham past.
Vaholanki, rivojlangan mamlakatlarda bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi Daniyada - 99 foiz, Yaponiyada - 97 foiz, Janubiy Koreyada - 95 foiz, Rossiyada - 78 foizni tashkil etadi.
2017 – 2021 yillarda Maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha dastur tasdiqlandi, uning doirasida maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tizimli tashkillashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash borasidagi ishlar boshlab yuborildi.

















