O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 iyul kuni yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta'minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
«Har bir yoshning jamiyatda munosib o‘rnini topishi uchun ularni qo‘llab-quvvatlash va zarur shart-sharoitlar yaratishni islohotlarimizning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab, keng ko‘lamli amaliy ishlar olib bormoqdamiz. Jumladan, «Kamolot» yoshlar harakati negizida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqini tuzdik, yoshlar bilan ishlashda yangi tizim va yondashuvlarni joriy etyapmiz. 30 iyunda mamlakatimizda birinchi marta «Yoshlar kuni»ni keng nishonlab, yangi ijobiy an'anani yo‘lga qo‘ydik», deya prezident so‘zlarini keltirgan prezident matbuot xizmati.
Yig‘ilishda shuningdek, yoshlar bilan ishlashda hali kamchiliklar ko‘pligi ham qayd etildi. Jumladan, Yoshlar ittifoqi tadbirlarida dabdababozlik, yuzakilik ko‘zga tashlanayotgani, yoshlar bilan manzilli ishlashga, ularning muammolarini hal etishga yetarli e'tibor berilmayotgani tanqid qilindi.
«Joylardagi 4ta sektor rahbarlarining ko‘pchiligi hali yoshlar masalasi bilan to‘la shug‘ullanmayapti. Ichki ishlar idoralari, mahalla qo‘mitalari, boshqa jamoatchilik tashkilotlari va ta'lim muassasalarining ham bu boradagi ishlari ko‘ngildagidek emas. Tuman (shahar) hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishini ham qoniqarli, deb bo‘lmaydi. Ba'zi hollarda esa yoshlar bo‘yicha mas'ul lavozimlar vakant bo‘lib qolmoqda», deyilgan xabarda.
Buning oqibatida yoshlarning ijtimoiy muhim masalalari e'tiborsiz qolmoqda. Qarovsiz va nazoratsiz qolgan yoshlar tomonidan turli jinoyatlar sodir etilmoqda.
Shu bois Yoshlar ittifoqi, tegishli vazirlik va idoralarga yoshlar bilan ishlashni takomillashtirish, ularning qarovsiz va nazoratsiz qolishining oldini olish, ular o‘rtasida jinoyatlarni keskin kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yoshlarning bandligini ta'minlash, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislik va biznes ko‘nikmalariga o‘qitish bo‘yicha Toshkent viloyatining Quyichirchiq va Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yangi tizim sinovdan o‘tkazilgani qayd etildi.
Unga ko‘ra, mutasaddi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘zida aks ettirgan tuman pasporti ishlab chiqilgan. Mahallalarda «Yoshlar mehnat guzarlari» tashkil etish uchun bino va yer maydonlari ajratilib, tashabbuskor tadbirkorlar jalb qilingan. Tadbirkorlik, baliqchilik, bog‘dorchilik, savdo-sotiq qilish istagidagi yigit-qizlarga zarur mablag‘ va resurslar berilgan. Yoshlarni qiynab kelayotgan 1,5 mingdan ziyod muammolar aniqlanib, 1 mingdan ortig‘i joyida hal etilgan, qolgan 500 tasini ham hal etish choralari ko‘rilgan.


















