Bugun internetni Krishtianu Ronalduning «Yuventus»ga o‘tishi haqidagi xabarlar to‘ldirdi. Kechki xabarlar faqat shu transfer bo‘yicha bo‘lmoqda. Quyida ayni vaqtga kelib, bu transfer amalga oshishiga undaydigan sabablarni ko‘rib chiqamiz.

Foto: RIA Novosti

Hammasi qachon boshlangandi?

Ispaniyadagi Marca nashri xabariga ko‘ra, bu yarim yil oldinoq hal bo‘lgandi. Xabarga ko‘ra, futbolchi bilan shartnoma uzaytirilishi jarayonida ziddiyat yuzaga kelgan. O‘shanda portugaliyalik futbolchi o‘zining noroziligini yashirmagan. «Gap pulda emas, maqomda», — degan u. 

Ronaldu o‘zini aldangan deb hisoblagan. Uning fikricha, klub prezidenti Florentino Peres o‘z majburiyatlarini bajarishni ortga surgan. Marca xabariga ko‘ra, futbolchi  Peresdan yana shuning uchun xafa bo‘lganki, futbolchining shartnomasida badal puli sifatida juda kam miqdordagi mablag‘ belgilangan - 100 mln yevro. «Agar men 100 mln tursam, demak bu yerdagilar mening qolishimni istashmas ekan» — bu ibora Ispaniyada yanvar oyidagi gazetalar sonlari muqovasidan o‘rin olgandi. 

Oxirgi xabarlar

2 iyun kuni Corriere dello Sport futbolchi Madridda qolishi uchun yiliga 80 million yevro talab qilayotgani (soliqlar bilan birga) haqida xabar berildi. Ko‘p o‘tmasdan klub buncha pul to‘lay olmasligi ayon bo‘ldi. 

Marca nashri kecha Krishtianu Turinda uy izlayotgani haqida xabar tarqatdi. Xuddi shu vaqtda futbolchiga Turindagilar yiliga 30 mln yevrodan maosh (soliqlar chiqarib tashlanganda) to‘lash nazarda tutilayotgan 4 yillik shartnoma taklif qilayotgani haqida xabar tarqaldi. Taqqoslash uchun, uning Madrid jamoasidagi hozirgi yillik maoshi miqdori 21 mln yevroni tashkil etadi (soliqlar chiqarib tashlanganida).

O‘z navbatida «Real» va «Yuventus» futbolchi transferi narxi bo‘yicha bir to‘xtamga kelmagan, madridliklar futbolchi uchun 100 million yevrodan ko‘proq ishlab olmoqchi, turinliklar esa 100 million yevrodan ko‘p to‘lamoqchi emas.

El Chiringuito portali xabariga ko‘ra, 4 iyul kuni kechqurun Ronalduning agenti Jorjye Mendesh va «Real» rahbariyati o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilgan: Florentin Peres va klub bosh direktori Xose Anxel Sanches ishtirokida. Uchrashuv yakunida klub futbolchisini «Yuventus»ga qo‘yib yuborishga rozi bo‘lgan.