16:00 / 07.07.2018
13291

O‘zbekistonlik o‘quvchilar xalqaro matematika musobaqasida g‘alaba qozondi

Foto: Xalq ta'limi vazirligi

Shu yilning 1-6 iyul kunlari Bolgariyaning Burgas shahrida o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi matematika bo‘yicha xalqaro musobaqada O‘zbekiston vakillarimiz 1ta oltin, 2ta kumush va 2ta bronza medalni qo‘lga kiritishdi.

Maktab o‘quvchilarining Xalqaro matematika musobaqasi (International Mathematics Competition) dunyoning iqtidorli o‘quvchilari uchun eng katta va muhim forum hisoblanadi. Har yili iyul oyida o‘tkaziladigan musobaqada dunyoning 30ga yaqin mamlakatidan kelgan 600 nafardan ortiq iqtidorli o‘quvchilar o‘zaro bellashadi.

Mazkur nufuzli musobaqada beshinchi marta ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi shu yili musobaqada ishtiroki tarixida ilk marotaba umumjamoa hisobida eng ko‘p medalni olishga muvaffaq bo‘ldi.

Xususan, Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi 1-IDUMning 8 sinf o‘quvchisi Doniyor Ismoilov oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu maktabning 7 sinf o‘quvchisi Rajabboyev Lazizbek va Peshko‘ tumanidagi 18 maktabning 9 sinf o‘quvchisi Norboyev Jahongir – kumush medal, Termiz shahridagi 4-ixtisoslashtirilgan maktab-internatning  7 sinf o‘quvchisi Buriyev Iskandar, Uchtepa tumanidagi 4 maktabning 7 sinf o‘quvchisi Majidov Muhammadrizo bronza medalga sazovor bo‘lishdi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi
Foto: Xalq ta'limi vazirligi

«Yurtimizda o‘tgan yillar davomida ta'lim tizimi tubdan isloh qilinib, o‘qitish jarayoniga ilg‘or metod va usullar, yangi pedagogik texnologiyalar tatbiq qilindi. Dars va mashg‘ulotlarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanilayotgani esa o‘g‘il-qizlarimizning fanlarga qiziqishini oshirmoqda. Pirovardida, ta'lim sifati va samaradorligi yuksalib, ularning nufuzli ko‘rik-tanlov hamda intellektual musobaqalarda zafar quchishiga zamin yaratmoqda. O‘quvchilarimizning Bolgariyada erishgan g‘alabasi ham tizimdagi islohotlarning amaliy samarasidir», deyiladi Xalq ta'limi vazirligi Matbuot xizmati xabarida.

Top