Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillarining Malayziya davlatiga bo‘lgan ilmiy safari doirasida O‘zbekistondan yetishib chiqqan ko‘plab allomalarning ilmiy merosiga oid nodir qo‘lyozma asarlar Malayziyaning oliygohlaridagi qo‘lyozma fondlari, tadqiqot markazlari, muzey va kutubxonalarida saqlanib kelinayotganligi aniqlandi. Bu haqda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Jumladan, Malayziya islom madaniyati muzeyida islom madaniyati va tarixiga oid 15 mingdan ziyod diniy-tarixiy eksponat mavjud. Muzeyda 3000 dan ortiq kitob bo‘lib, ulardan 1000 ga yaqini qo‘lyozmalardan iborat. Saqlanayotgan noyob eksponatlar ichida Buxoro xattotlik san'atiga oid XVI-XVIII asrga tegishli bo‘lgan 3 dona Qur'oni karimning qo‘lyozma nusxalari va XIV asrga tegishli Imom Buxoriyning “Al-Jome' as-Sahih” nomli va janubiy Afrikadan keltirilgan XVIII asrga tegishli “Sahih al-Buxoriy”, “Muntajob min Sahih al-Buxoriy” nomli va uning sharhi “Fath al-Boriy fi sharhi Sahih al-Buxoriy” hamda 4 nusxa Samarqand va Buxoro xattotlik san'atiga doir “Daloil al-xayrot” nomli tarixiy qo‘lyozma asarlar saqlanmoqda. Bundan tashqari, muzeyning markaz qismida O‘zbekistondagi tarixiy obidalardan Imom Buxoriy masjidi (oldingi holati) va Go‘ri Amir majmuasi, Buxorodagi Masjidi Kalon majmuasi, Bibixonim masjidlarining maketlari islom tarixiy obidalari bo‘limidan joy olgan. Muzey mas'ullari bilan mavjud qo‘lyozmalarni tadqiq qilishga va ulardan nusxa olish kabi kelgusi ishlarda ilmiy-amaliy hamkorlik qilishga kelishildi.

Malayziya milliy kutubxonasida 5 mingdan ortiq qo‘lyozma mavjud bo‘lib, undan 200 ga yaqin arab va fors tilidagi qo‘lyozmalar borligi hamda ular ichida “Sahih al-Buxoriy”, “Matni Samarqandiy” va Naqshbandiya tariqatiga oid 2 ta qo‘lyozma borligi ma'lum bo‘ldi.
1-kitob: Kutubxonaning qo‘lyozmalar bo‘limida 253 sahifadan iborat “Sahih al-Buxoriy”ning ikkinchi juz'i “Kitab vujub az-zakot”dan boshlangan qo‘lyozma №-mss/2246 raqam ostida saqlanmoqda. Mazkur qo‘lyozmaning oxirgi sahifasida “Qod tamma al-juz'us-saniy min Sahih al-Buxoriy alayhi rahmat al-Boriy” matnidan so‘ng “1110 hijriy yil sha'bon oyining 14-kuni, muborak yakshanba kuni ko‘chirish o‘z nihoyasiga yetdi” – deb yozilgan matn asar xattoti tomonidan qayd etilgan. Qo‘lyozmaning nodirligi unda har xil naqsh va bezaklar hamda har xil rangdan foydalanilgan.


















