17:50 / 13.07.2018
9015

Qozog‘istonda migrantlar uchun soliq joriy etish taklif qilindi

Foto: Zakon.kz

«Qozog‘iston Respublikasining migratsion jarayonlarni tartibga solish masalalari bo‘yicha ayrim qonunchilik aktlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasida mehnat migrantlari uchun eng kam ish haqining 4 baravari miqdorida soliq yig‘imini joriy etish ko‘zda tutilgan, deb xabar berdi Zakon.kz.

«Ichki mehnat bozorini himoya qilish uchun ushbu toifadagi mehnat migrantlari uchun kvotani saqlab qolish, har oyda eng kam ish haqining 4 baravari miqdorida (9620 tenge) soliq yig‘imi joriy etish hamda Qozog‘iston Respublikasi bilan vizasiz kelish va bo‘lish tartibi to‘g‘risida kelishuv imzolangan hamda Qozog‘istonda vizasiz kamida uch oy yurish imkoniyatiga ega bo‘lgan mamlakatlar fuqarolari uchun ruxsatnomalar berish zarur», – deyiladi hujjatda.

Bunda bitta kichik tadbirkorlik sub'yekti besh nafardan ortiq migrant bilan mehnat shartnomasini tuzishini cheklash rejalashtirilmoqda.

Hujjatda shuningdek davlat tomonidan noqonuniy mehnat migrantlari soni o‘sishini kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘rilishiga qaramasdan mehnat faoliyatini qonuniylashtirish borasida hali-hamon muammoli masalalar qolayotganligi qayd etilgan.

Qozog‘iston IIVning ma'lumotlariga ko‘ra, xorijiy ishchi kuchini yollash tartibini buzgani uchun har yili 2 mingdan ortiq ish beruvchi jazoga tortiladi.

Qayd etilishicha, ish beruvchilarga xorijiy ishchi kuchini yollash uchun amaldagi ruxsatnoma berish tartibi asosan yirik va o‘rta tadbirkorlik sub'yektlari uchun manfaatli bo‘lib, kichik tadbirkorlik sub'yektlari uchun ko‘rsatilgan talablar og‘irlik qiladi. Natijada bu korrupsiya uchun sharoit va quyi malakali mehnat migrantlari noqonuniy faoliyat (enagalik, tozalik xizmati, mavsumiy ishlar) yuritish uchun ketib qolishlariga zamin yaratadi.

«Bu masalalarni hal qilish uchun ular faoliyatini huquqiy ta'minlaydigan aniq, puxta o‘ylangan, har tomonlama ko‘rib chiqilgan yondashuv zarur. Shu maqsadda kichik tadbirkorlik sub'yektlari qo‘lida faoliyat olib borishlari uchun quyi malakali mehnat migrantlariga ruxsatnoma olish huquqini soddalashtirish taklif etilmoqda», – deyiladi hujjatda.

Mavzuga oid
Top