O‘zbekiston | 07:47 / 25.07.2018
7651
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident milliy kino sanoatidagi muammolarni belgilab berdi

Foto: ingimage/vostock-photo

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, mahalliy kino sanoati milliy madaniyat va san'atni rivojlantirishga, yoshlarni sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga, keksa avlodga hurmat-ehtirom ko‘rsatishga bebaho hissa qo‘shmoqda. Kino inson bilimini orttirishda muhim rol o‘ynaydi, uning boy mazmuni esa aholining bilimdonlik darajasiga bevosita ta'sir qiladi.

Shu bilan birga, mazkur sohadagi ishlarning haqiqiy holati milliy kino sanoatining jadal rivojlanishiga, jahon kino bozorida raqobatbardoshlikni oshirishga, uni chet elda targ‘ib qilishga to‘sqinlik qiladigan bir qator hal etilmagan muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda. Xususan:

birinchidan, ishlab chiqilayotgan kino mahsulotlarining mafkuraviy-badiiy darajasining pastligi, ssenariynavislik, rejissyorlik va aktyorlik mahoratlarining yetarli darajada sifatli emasligi, yoshlar uchun ma'naviy namuna bo‘lib xizmat qiladigan badiiy obrazlarning ko‘pincha mavjud emasligi milliy kinematografiyaning asosiy maqsadlari bo‘lgan – yosh avlodni jasorat va qat'iyatlilik ruhida tarbiyalash, yot “ommaviy madaniyat”ga qarshi kurashish kabilarni amalga oshirishga imkon bermaydi;

ikkinchidan, kino mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha davlat buyurtmasini berish yuzasidan shakllangan amaliyot tatbiq qilinadigan tartiblarning ochiqligi va shaffofligini, byudjyet mablag‘laridan oqilona va samarali foydalanishni, shuningdek, kinematografiya sohasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi;

uchinchidan, kino sanoati sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasi, ishlab chiqilayotgan kino mahsulotlarining o‘zini oqlashi va daromad keltirishiga qaratilgan zamonaviy marketing tadqiqotlari va aniq maqsadli kino ishlab chiqarish dasturlarining mavjud emasligi milliy kinematografiyaning yuqori zarar bilan ishlashiga olib kelmoqda;

to‘rtinchidan, kinoprokat va respublika bo‘ylab kino mahsulotlarini yetkazib berish samarasiz tizimlarining mavjudligi, ishlab chiqarilgan kino mahsulotlarining yetarli darajada targ‘ib qilinmasligi oqibatida aholining sust xabardorligi kinoprokatchilar daromadlariga, kinokompaniyalarning ijodiy va ishlab chiqarish xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga salbiy ta'sir ko‘rsatdi, shuningdek, kinoteatrlar tarmog‘i faoliyatining tugatilishiga olib keldi;

beshinchidan, davlat buyurtmasi bo‘yicha ishlab chiqariladigan kino mahsulotlariga ajratiladigan mablag‘larning yetarli emasligi, kino ishlab chiqaruvchilarni soliqqa tortish tizimining samarasizligi va yuqori soliq yuki kino sanoati sohasining rentabelligini cheklaydi va kinematografiyaning umumjahon rivojlanish tendensiyalariga muvofiq ilg‘or innovatsion va raqamli texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirmaydi;

oltinchidan, kino sohasidagi kadrlar tayyorlash tizimi zamonaviy talablarga javob bermaydi, ixtisoslashtirilgan, shu jumladan, chet davlatlarning oliy o‘quv yurtlarida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash, kino san'ati vakillarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlari tashkil etilmagan;

yettinchidan, mualliflik huquqi obektlarini, shu jumladan, kino mahsulotlarining noqonuniy tarqatilishini aniqlash va bartaraf etish, ular bilan ruxsatsiz foydalanishdan ishonchli himoya qilish, qaroqchilikka qarshi kurashishning aniq mexanizmlari mavjud emasligi kino mahsulotlarining asl nusxalarini yuqori darajada noqonuniy aylanmasiga va mamlakatdagi kinokompaniyalar va kinoteatrlarga sezilarli zarar yetkazilishiga olib keladi;

sakkizinchidan, mahalliy kinolentalarni jahonga mashhur xalqaro kinofestivallarga taqdim etish, shu jumladan, ularda ishtirok etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmayapti, madaniy o‘zaro almashinuv darajasining pastligi esa milliy kinematografiyani chet elda faol targ‘ib qilinishiga va uning jahon kino maydoniga qo‘shilishiga imkon bermayapti.

Mavzuga oid