O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Hujjat bilan “O‘zbekkino” Milliy agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda “O‘zbekfilm” AJ aksiyadorlarining quyidagi takliflariga rozilik berildi:

“O‘zbekfilm” aksiyadorlik jamiyatini jamiyat tarkibidan chiqib ketadigan aksiyadorlar bilan hisob-kitobni amalga oshirgan holda “O‘zbekfilm” davlat unitar korxonasini qayta tashkil etish;

“Hujjatli filmlar kinostudiyasi” davlat unitar korxonasini mamlakatning davlat va jamiyat hayotida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining eng muhim yo‘nalishlarida erishilgan yutuqlarni tasvirga olish va ularni keyinchalik arxivlashtirish bo‘yicha vazifalarni yuklagan holda “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” davlat unitar korxonasi sifatida qayta nomlash;

“O‘zbekkino” MAning hududiy bo‘linmalari negizida ularning shtatlar soni, bino va boshqa moddiy-texnika bazasi, shuningdek, 2020 yilning 1 yanvariga qadar muddatda amaldagi moliyalashtirish manbalarini saqlagan holda “Respublika kinoprokat markazi” davlat unitar korxonasining filiallarini tashkil etish;

“O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi” davlat muassasasini uning balansida bo‘lgan mol-mulk va boshqa moddiy-texnik qimmatliklarni (ko‘chmas mulkni bepul foydalanishga) topshirish orqali nodavlat notijorat tashkiloti sifatida qayta tashkil etish.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:

2019 yilning 1 yanvaridan boshlab, “O‘zbekkino” MA Badiiy kengashi tomonidan davlat buyurtmasi asosida suratga olinadigan kinomahsulotlarning yillik tematik rejasi yuzaga kelayotgan vaziyat, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, shuningdek, aholining mazmunli kinofilmlarga bo‘lgan real ehtiyojidan kelib chiqib shakllantiriladi;

ishlab chiqariladigan badiiy filmlarni davlat buyurtmasi bo‘yicha ishlab chiqariladigan badiiy filmlarning yillik hajmiga nisbatan foizda janrlar bo‘yicha kvotalash tizimi joriy etiladi;