Xalqaro Press klubda “O‘zavtosanoat” AJ rahbariyati, O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatiga aloqador firma va tashkilotlar, zavodlar rahbarlari, OAV vakillari ishtirokida sessiya bo‘lib o‘tdi. Unda dastavval prezident tomonidan O‘zbekistonda avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish, sohadagi korrupsiyaga doir tanqidiy fikrlari sessiya ishtirokchilari e'tiboriga havola etildi.  

“Avtomobil sanoatining rivojlantirish meni mutlaqo qoniqtirmaydi. Yildan-yilga ishlab chiqarish ham qisqarayapti. Iqtisodiy manfaatning yo‘qligi sababli eksportni to‘xtatishga majbur bo‘ldik. Avtosanoatimiz korrupsiya botqog‘idan qutula olmayapti. Tashqaridan yangi-yangi investitsiya olib kelinmayapti. Lokalizatsiya yo‘q desayam bo‘ladi. 53 foizligi qog‘ozda”, - degan fikrlarni bildirgan edi Shavkat Mirziyoyev 26 iyun kuni soha vakillari bilan o‘tkazgan yig‘ilishida. 

Foto: XPK

XPK sessiyasida ishtirok etgan “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov (tayinlanganiga atigi 1 oy bo‘ldi, bungacha Bosh prokuraturada boshqarma boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan – tahr.) avtomobilsozlik sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha Kontseptsiya ishlab chiqilayotganini aytar ekan, mahsulotlar tannarxini kamaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, sohada import qilinadigan butlovchi qismlar va avtoehtiyot qismlar importini qisqartirish borasida ish olib borilayotganini bildirdi. 

Bundan tashqari, avtosalonlarning joylashishi va avtomobillar taqsimotini qayta ko‘rib chiqish, ichki bozorda avtomobillarni sotish tizimini tartibga solish masalalariga ham e'tibor qaratildi.

“Tez orada O‘zbekistondagi barcha 72ta dilerimiz (shundan 22tasi xususiy) bilan imzolangan hamkorlik shartnomalari qayta ko‘rib chiqiladi. Ular biz bilan imzolagan shartnomaning har bir bandini so‘zsiz bajarishi lozim bo‘ladi. Yaqin kelajakda shunday tizim yo‘lga qo‘yiladiki, xaridor avtomobilni o‘ziga yaqin dilerdan mobil telefoni orqali buyurtma beradi va uyida mashinasini qabul qilib oladi”, - dedi Shavkat Umurzoqov. 

Shavkat Umurzokov -  
“O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi
Foto: XPK

U, shuningdek, “O‘zavtosanoat”ga rahbar bo‘lganidan so‘ng o‘tgan bir oy ichida tizimni o‘rganib chiqqanini, haqiqatdan ham muammolar ko‘pligini bildirdi. Umurzoqovning ta'kidlashicha, ular shaffof bo‘lishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygani va shu sababli XPK sessiyasida ishtirok etishga qaror qilishgan. Shu bilan birga, Umurzoqov O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish va ularning narxi oshishi “monopoliya” degan so‘z bilan bog‘liq emasligini qayd etdi.