Mamlakatimizda maktab o‘qituvchilari pedagogika institutlari va davlat universitetlarida tayyorlanadi. Bu universitetlarning 8tasi sobiq ittifoq vaqtida pedagogika instituti edi va ular 1992 yilda universitetga aylantirildi. Tabiiyki, ularning «o‘quv reja»si va «fan dasturlari» ham universitetlarnikiga almashdi. Lekin amalda, ular oldin nima ish qilgan bo‘lsa, hozir ham o‘sha ishni davom ettirishayapti, ya'ni maktablarga o‘qituvchi tayyorlashayapti. Masalan, viloyat markazlaridagi davlat universitetlarining kamida 90 foiz bitiruvchisi dastlab maktab, kollej va litseylarga ishga boradi.

Agar Davlat test markazining tanlovi optimal bo‘ldi, deb hisoblasak, OO‘Yularda tayyorlanadigan professional muallimlarning savodi, asosan, ikki narsaga bog‘liq bo‘ladi; biri — OO‘Yularining muayyan yo‘nalishlar (fakultetlar, fanlar) bo‘yicha tuzilgan «o‘quv reja» si va «fan dasturi»ga hamda shu OO‘Yuda ishlovchi professor-o‘qituvchilarning bilimi va malakasiga. Bu yerda aytilayotgan gaplar, birinchi navbatda, asosan, to‘rtta aniq fanning (matematika, fizika, kimyo va biologiya) «o‘quv reja»si va «fan dasturlari» ga tegishli.

«O‘quv reja»lar va «dastur»lar Oliy ta'lim vazirligi belgilagan (yoki tanlagan) OO‘Yuning prof-o‘qituvchilari tomonidan tuziladi va vazirlik ularni tasdiqlaydi. Ushbu rejalarda ma'lum yo‘nalish bo‘yicha tayyorlanadigan talabaga 4 yil davomida qaysi fanlar, qanday ketma ketlikda va necha soat o‘tishi kerakligi belgilanadi. Fan dasturlarida esa rejaga kirgan har bir fan bo‘yicha qaysi mavzularni o‘tish kerakligi va foydalanish lozim bo‘lgan adabiyotlar ko‘rsatiladi.

Endi tabiiy savol tug‘iladi, maktabga o‘qituvchi tayyorlash uchun Pedagogika institutlari uchun tuzilgan reja va dastur yaxshimi yoki Davlat universitetlari uchun tuzilganlarimi? Ularning bir-biridan farqi va ustunligi nimada? Menimcha, bu masala bilan hech kim shug‘ullanmagan. Chunki o‘sha vaqtdagi siyosat, yuqorining aytganini quyidagilar muhokama qilmasdan bajarishiga asoslangan edi. Davlat universitetlarida hozir amalda bo‘lgan «o‘quv reja» va «fan dasturlar»i bilan yaxshi professional muallim tayyorlash ham, universitet talabiga javob beradigan oliy darajadagi mutaxassis tayyorlash ham mumkin emas.

Bizlar, ya'ni SamDU tabiiy fanlar fakultetlarining bir guruh o‘qituvchilari Jizzax pedagogika institutidan 4 ta tabiiy fanga tegishli «o‘quv reja»lari va ba'zi fanlarning «dastur»larini olib universitetlarning shu fanlar bo‘yicha «o‘quv reja» va «dastur»lari bilan taqqosladik. Quyida takror bo‘lmasligi uchun faqat bitta fanning (yo‘nalishning) «o‘quv reja»siga tegishli ma'lumotlar keltiriladi va muhokama qilinadi. Lekin aytilgan gaplar qolgan uch fanga ham tegishli.