Vazirlar Mahkamasining 26.07.2018 yildagi "Avtomobil yo‘llari infratuzilmasini yanada rivojlantirish va yo‘l harakatini tashkil etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 584-son qarori e'lon qilindi, deb yozadi Norma.
Hujjatda qayd qilinishicha:
• avtomobil yo‘llarini qulay va shinam qilish hamda infratuzilmasini rivojlantirishga doir normativ hujjatlar zamonaviy talablarga mos kelmaydi. Xususan, 1970-80 yillarda ishlab chiqilgan amaldagi standartlarni yangilash talab etiladi;
• yo‘l belgilarini ishlab chiqarish va o‘rnatishga doir ishlarni tashkil etish hamda o‘tkazishga tizimli yondashilmayotir. Avtomobil yo‘llarida 70 mingdan ortiq eskirgan yo‘l belgilarini almashtirish, shuningdek 136 mingdan ortiq yangi ko‘rsatkichlarni o‘rnatish zarurligi aniqlandi;
• avtomobil yo‘llarini axborot-ko‘rsatkich belgilari bilan, shu jumladan chet tillardagi ko‘rsatkich belgilari bilan jihozlash bo‘yicha ishlar yetarli darajada tashkil etilmagan.
Shu munosabat bilan, 2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini taminlash konsepsiyasi doirasida Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:
• birinchi - yo‘l ustiga chiziqlar tortishda, yo‘lovchilar o‘tish joylarini, avtomobil yo‘llari kesishadigan va tutashadigan joylarni, avtomobillarning qisqa muddat to‘xtab turish va to‘xtash joylarini qurishda innovatsion ishlanmalarni hamda nur qaytaruvchi materiallarni qo‘llash asosida yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligi ta'minlansin;
• ikkinchi - yo‘l harakati ishtirokchilarini yo‘nalish bo‘ylab sifatli navigatsiya bilan ta'minlaydigan yo‘l belgilari va axborot ko‘rsatkichlarini, shu jumladan chet tillardagi yo‘l belgilari va axborot ko‘rsatkichlarini yetarli miqdorda o‘rnatish orqali "gapiradigan yo‘l" prinsipi bo‘yicha yo‘l harakati ishtirokchilarining xabardorligi oshirilsin";
• uchinchi - avtomobil yo‘llari foydalanuvchilariga yuqori darajada qulaylik yaratish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yo‘l bo‘yi hududlarini to‘liq ko‘kalamzorlashtirish, obod qilish va me'moriy-landshaft loyihasini tuzish, mazkur hududlarda infratuzilma obektlarini oqilona qurish hisobiga transport vositalarining ekologiyaga salbiy ta'siri kamaytirilsin;
• to‘rtinchi - axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini. texnik vositalar va dasturiy mahsulotlarni avtomobil yo‘llarini qurish, to‘g‘rilash va ulardan foydalanish jarayoniga keng joriy etilsin;
















