Samarqanddagi maktab-internatning qamoqqa olingan sobiq direktori jiyaniga ham jinoiy ish ochildi
Samarqand shahridagi 64-sonli alohida saqlash sharoitlari, tarbiya va ta'limga muhtoj o‘g‘il bolalar uchun ixtisoslashgan maktabda kechki smenada tarbiyachi bo‘lib ishlagan, maktab direktori, xuddi shu maktabda tarbiyalanuvchilar muttasil kaltaklanib, majburiy mehnatga jalb etilgani yuzasidan qo‘lga olingan Shuhrat Sadinovning jiyani bo‘lgan Sherzod Ochilovga ham jinoiy ish ochildi.
«Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan Sherzod Ochilov (1994 yilda Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma'lumoti – oliy, uylanmagan, muqaddam sudlanmagan, Samarqand viloyati Xalq ta'limi boshqarmasiga qarashli 64-sonli alohida sharoitlarda ta'minlash, tarbiyalash va ta'lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati tungi tarbiyachi yordamchisi lavozimida ishlagan) ga nisbatan Samarqand shahar prokuraturasining «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi ko‘rib chiqildi va qanotlantirildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2018 yil 1 avgustdagi ajrimiga muvofiq ayblanuvchi Sh. Ochilovga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi», deya xabar berdi «Kun.uz»ga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oy oxirida OAVda Samarqandda maktab-internatdagi holat yuzasidan materiallar e'lon qilingach, maktab-internat direktori Shuhrat Sadinov ushlangandi.
Samarqand viloyati prokurori tomonidan olib borilgan tekshiruv davomida maktab-internat direktori va boshqalar mansab vakolati doirasidan chetga chiqadigan harakatlarni qasddan sodir etib, o‘z faoliyatlari davomida maktab-internatining o‘quvchilarini maktab tartib-qoidalariga rioya qilmayotganini ro‘kach qilgan holda ta'lim-tarbiya davomida ularga rahmsiz muomalada bo‘lib, muttasil ravishda urib, qiynab, ularga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazgani aniqlandi.
Shuhrat Sadinovga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi «a» bandi (voyaga yetmaganlarga nisbatan muttasil ravishda do‘pposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash), 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangandi.
Shikoyatchilarning murojaatida maktab internatda tungi tarbiyachi bo‘lgan Sherzod Ochilov direktorning jiyani bo‘lgani, kaltaklashlar uning smenasi vaqtida ro‘y bergani keltirilgandi.
Keyinroq Xalq ta'limi vazirligi Samarqandda qiynoqqa solingan bolalar voqeasiga munosabat bildirdi.
Shuningdek, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bolalar kaltaklangan maktab-internatga bordi va vaziyatni o‘rgandi.
Mavzuga oid
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024
Samarqandda avtobus salonini ayollar va erkaklar uchun ajratgan haydovchiga chora ko‘rildi
11:44 / 31.10.2024