Xaridor «Arsenal»ning 30 foizlik hissasi uchun 500 million funtdan oshiqroq mablag‘dan voz kechishiga to‘g‘ri keladi.
The Financial Times nashrining iyul oyi oxirlarida ma'lum qilishicha, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov o‘zining «Arsenal» futbol klubidagi 30 foizlik ulushini sotmoqchi ekan. O‘n bir yildan buyon klubning boshqaruv kengashiga kirishga uringan rossiyalik ishbilarmon, bu urinishlar besamar ketgach, shunday qarorga kelgan.
Klub va Usmonov o‘rtasidagi hamkorlik 2007 yilning avgustidan boshlangan. Ta'sischilari Usmonov va Farhod Moshiri bo‘lgan Red & White Holdings Ltd kompaniyasi «Arsenal»ning 14,5 foizlik aksiyasini Devid Deyndan sotib olishgandi. VVS ma'lumotiga ko‘ra, bu kelishuv investorlar uchun 75 million funtga tushgan.
O‘sha paytlarda «Arsenal»ning bugungi asosiy aksioneri bo‘lgan Sten Kronkeda faqat 12.9 foiz aksiya bor edi. Dastlabki yillarda Usmonov va Kronke munosabatlari u qadar iliq bo‘lmadi, 2012 yilda esa, jiddiy ziddiyat yuzaga keldi.
Red & White klubning direktorlar kengashiga ochiq xat yozdi. Bunga sabab, ijrochi direktor Ivan Gazidis tomonidan aytilgan bir gap bo‘lgandi. Gazidisning Usmonov kompaniyasining direktorlar kengashiga kirishi boshqaruvni izdan chiqarishi haqidagi fikrlari Usmonovning e'tirozining asosiy sababi edi. O‘sha xatda Kronke «Arsenal»dagi ulushlarini tashqi investorlardan himoya qilish maqsadida doimo tashqi qarzlar yukini oshirib borayotgani, biletlar narxini ko‘tarish va yetakchi futbolchilarni sotish orqali aksiyadorlar qiziqishini pasaytirayotgani tilga olindi. Xuddi o‘sha yili Robin van Persining asosiy raqiblardan biri «Manchester Yunayted»ga sotib yuborlishi ham Usmonov tomonidan tanqid ostiga olindi.
«Arsenal» boshqaruvida ishtirok etish orzusini bir necha bor ta'kidlab kelgan Usmonov 2016 yilda sherigi Farhod Moshirining ulushlarini ham sotib oldi va 30,04 foiz bilan klubning ikkinchi o‘rindagi aksiyadoriga aylandi. Milliarder «Arsenal»ga sodiqligini va klubdagi ulushini oshirish borasidagi harakatlarini to‘xtata olmasligini ma'lum qildi. Britaniyaning Forbes nashri tarqatgan ma'lumotlarga qaraganda Moshirining ulushini sotib olish Usmonovga 200 million funtga tushgan. Ammo bu ham boshqaruv kengashidan o‘rin olish uchun yetarli bo‘lmadi.
Bu paytga kelib, «Arsenal»ning asosiy aksioneri Sten Kronke bo‘lib ulgurgandi. 2008 yilda u o‘z ulushini 29,9 foizga oshirib, klub boshqaruvini qo‘lga oldi. 2011 yilning bahorida Devid Finsman va ledi Nina Breysvell-Smitlarning hissalarini ham qo‘lga kiritdi. Klubning sobiq direktoriga kelin bo‘lgan Nina Breysvell-Smit bilan Alisher Usmonov ham muzokara qildi, ammo yana samarasiz.

















