O‘zbekiston | 07:25 / 09.08.2018
6945
2 daqiqa o‘qiladi

Transport vositasidan chiquvchi shovqin darajasi me'yorini aniqlashga qaratilgan norma yuzasidan taklif kiritildi

Foto: RBK

Bu boradagi tashabbus Toshkent shahar IIBB tomonidan ilgari surildi. Bunga tungi vaqtda shahar ko‘chalari bo‘ylab uyushtirilayotgan poygalarda mototsikl motorining shovqinidan bezovta bo‘layotgan aholi murojaatlarining ko‘pligi sabab bo‘lgan, deyiladi IIBB xabarida.

Ayni vaqtda o‘zlashtirilgan xalqaro tajriba asosida O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligiga transport vositasidan chiqayotgan shovqin darajasini aniqlash va uni tartibga solishni nazarda tutuvchi zarur hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan takliflar kiritildi.

Bundan avval Toshkent shahridagi tungi patrullash vaqtlarida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan mototsiklchilar to‘xtatilib ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilganligi haqida xabar berilgan edi. Tushuntirish tadbirlarida mototsikl ishqibozlariga Yo‘l harakati qoidalarini buzish mumkin emasligi va hamshaharlarimiz huquqlarini hurmat qilish maqsadga muvofiq ekanligi aytib o‘tilgan. Masalan, sutkaning tungi vaqtida har kim osuda dam olish huquqiga ega.

Motor ovozi va tezlikni xush ko‘ruvchi ko‘pchilik haydovchilar bir qator qoidalarni buzganliklari aniqlangan: kimdir mototsiklni mast holda boshqargan, yana kimdadir transport vositasini boshqarish huquqni beruvchi tegishli hujjatlari bo‘lmagan, ayrimlar esa zarur jihozlarsiz harakatlanib, birinchi galda o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ygan. Bunday holatlar aniqlanganda transport vositalari vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirilgan va sodir etilgan qoidabuzarlik yuzasidan bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Mavzuga oid