Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida o‘zgarishlar yuz berishi, «Uzbekistan Tourism Industry Awards» mukofoti ta'sis etilishi, Yoshlar turizmi voqealari yagona taqvimi joriy etilishi va yoshlar xostellari tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Bularning barchasi QHTBT portalida muhokama qilinayotgan Prezident qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Norma’ning yozishicha, quyidagilarni amalga oshirish ehtimoli ko‘rib chiqilmoqda:

•  yoshlar turizmini rivojlantirish, turizm sohasida innovatsiyalarni joriy etish va ta'lim xizmatlarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari lavozimini joriy etish;
•  turizm sohasida kadrlar malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlashni muvofiqlashtirish bo‘limi negizida turizm sohasida innovatsiyalar va ta'lim xizmatlarini takomillashtirish boshqarmasini tashkil etish;
•  maxsus turlarni tashkil etish boshqarmasi negizida yoshlar turizmini rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarmasini tashkil etish.
 
Quyidagilar yangi joriy etilayotgan lavozimdagi rais o‘rinbosarining asosiy vazifalari etib belgilanishi rejalashtirilmoqda: 

•  sayohatlarning arzon tushishini ta'minlash va turistlar uchun sharoitlarni yaxshilash, turizmning zamonaviy turlarini rivojlantirish bo‘yicha yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan takliflarni kiritish;
•  turizm sohasi uchun kadrlarni tayyorlash, turizm sohasi xodimlarining sifat jihatidan yuqori darajada muntazam qayta tayyorlanishi va malakasi oshirilishini tashkil etish, turizm sohasiga innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish;  
•  turizm sohasidagi o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini tadqiq qilish, ta'lim muassasalarida kadrlar va mutaxassislarni professional tayyorlash yo‘nalishlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va kiritish;
•  yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularni turizm sohasiga keng jalb etish, yoshlarning turizm sohasidagi istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish, shuningdek mazkur asosda yoshlar bandligini ta'minlash chora-tadbirlarini amalga oshirish.
  
2018 yil 1 sentabrdan davlat ta'lim muassasalariga ichki turizm uchun gidlar, ekskursovodlar, yo‘l ko‘rsatuvchi instruktorlarni tayyorlash bilan, shuningdek tadbirkorlik sub'yektlariga malaka sertifikati berish huquqisiz turizm sohasidagi xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanishlariga ruxsat berish taklif etilmoqda.