O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi saytida Bekobodda O‘zbekiston hukumati rahbarlari ishtirokida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi.
«2018 yil 20 avgust kuni soat 09:30larda haydovchi 1987 y.t. B.Saidov boshqaruvida bo‘lgan «DAMAS» rusumli avtomashinasida Toshkent viloyati Bekobod tumani Zafar qo‘rg‘oni tomonidan Bekobod shahar tomoniga harakatlanib ketayotib, Qorasu-Bo‘ka-Bekobod avtomobil yo‘lining 92 kilometrida boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida, Bekobod shahridan Bekobod tumani Zafar qo‘rg‘oni tomon harakatlanib kelayotgan, haydovchi 1952 y.t. R.Tolipov boshqaruvidagi «Mercedes-Venz» rusumli avtomashinaning chap yon tomoniga to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan», deyiladi xabarda.
Ma'lumotnomada keltirilishicha, to‘qnashuv oqibatida «Mercedes-Venz» haydovchisi va yo‘lovchilar - O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Alisher Sultonov hamda U.Qurbonov, shuningdek, «Damas» avtomashinasi haydovchisi B.Saidov va yo‘lovchisi A.Meliboyev jarohatlangan holda shifoxonaga yotqizilgan.
Shuningdek, «Mercedes-Venz»da bo‘lgan yana bir yo‘lovchi, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov sog‘lig‘ining buzilishiga sababchi bo‘lmagan yengil tan jarohati olgan.
Hozirda ushbu yo‘l-transport hodisasi oqibatida jarohat olganlarning barchasiga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ularning sog‘lig‘i qoniqarli holatda bo‘lib, hayoti va sog‘lig‘iga xavf soluvchi jarohatlar aniqlanmagan.
Mazkur holat yuzasidan hozirda dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.










