Kasbni o‘zgartirishning kechi bo‘lmaydi. Asosiysi — buni to‘g‘ri va ongli ravishda amalga oshirish, deydi RF «Netologiya» raqamli kasblar universitetining Karerani rivojlantirish markazi rahbari Anna Davidova "Layfxaker"dagi maqolasida.
Zamonaviy dunyoda ba'zi kasblar asta-sekin yo‘qolib ketayotgan bo‘lsa, yangilari paydo bo‘lmoqda. Insonning bir necha marta professional sifatida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi tabiiy holat. Chuqur nafas oling, atrofga boqing, siz yolg‘iz emasligingiz aniq. Endi esa ishga kirishamiz.

O‘zgarishlar haqida o‘ylaymiz
Nima uchun kasbingizni o‘zgartirishga qaror qilganingiz haqida o‘ylab ko‘ring. O‘z maqsadingizni shakllantirishga harakat qiling. O‘zingizga o‘zingiz savol bering: "Bu o‘zgarishlardan nimani kutyapman? Bu nimasi bilan men uchun muhim? Istaganimga erishganimni qanday tushunib yetaman?" Bu savollarga ovoz chiqarib javob bering, biroz fikr yuriting.
Mehnat qilishga kirishing. Yangi kasbni tanlash ham — mehnat. Birov bu ishni o‘rningizga bajarmaydi. Hatto shunday bo‘lgan taqdirda ham, u sizga yoqishi amri mahol. Oliy o‘quv yurtini o‘z qiziqishiga emas, ota-ona istagiga ko‘ra tanlaganlar bilan bog‘liq vaziyatni yodga oling. Yangilikning yaxshi tomoni shundaki, bu ofisdagi mashaqqatli mehnat emas, qiziqarli tadqiqotdir.
Yangi ishga moliyaviy va axloqiy jihatdan tayyorlaning. Yangi kasbga kirishguningizgacha bo‘lgan vaqt uchun "xavfsizlik yostig‘i"ni yarating. Ish beruvchi tajribali xodimiga nisbatan sizga yosh mutaxassis sifatida kamroq ish haqi taklif qilish ehtimoli mavjud.

Faoliyat yo‘nalishini tanlaymiz
Buning uchun:
- Shaxs turini aniqlashga mo‘ljallangan testlardan foydalaning. Masalan, MBTI yoki DISC. Ular sizni fe'l-atvoringizga yaqinroq bo‘lgan kasblarga yo‘naltirib, qanday pozitsiyalarda o‘zingizni noqulay his qilishingizga oid ma'lumotlarni taqdim etadi.
- Qanday ish bilan shug‘ullanish sizga yoqishi haqida o‘ylang va yozing. Maxsus daftar tutib, ikki hafta davomida unga turli mashg‘ulotlar vaqtida o‘zingiz kechirgan hissiyotlaringiz haqida yozib boring. Nima uchun tonggi soat 5:00da turishga tayyor bo‘lar edingiz? Bu davrda har doimgidan farqli ish qilishga urinib ko‘ring: yangi yo‘ldan yuring, odamlar bilan tanishing, noodatiy xobbi orttiring.















