Kuni kecha, yevrokuboklardagi guruh bosqichida qatnashadigan jamoalarni aniqlash uchun navbatdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, bugundan Yevropa maydonlarida milliy chempionatlarning navbatdagi tur o‘yinlari boshlanadi. E'tiborga molik uchrashuvlar haqida qo‘yida o‘qib olishingiz mumkin.

BAVARIYa - HOFFeNHAYM (24 avgust, 23:30)

Nihoyat, kuchli beshlikda so‘nggi bo‘lib, Germaniya Bundesligasi ham start olmoqda. Navbatdagi mavsumni chempion jamoa ochib beradi. So‘nggi olti mavsumda tengsiz deb topilgan «Bavariya» endi yangi murabbiy Niko Kovach qo‘l ostida yettinchi urinishni boshlaydi. Raqib esa, anoyi emas, so‘nggi mavsumlarda an'anaviy ravishda yuqori o‘rinlar uchun da'vogarlik qilib kelayotgan «Hoffenhaym».

Yulian Nagelsman jamoasi yozda eng yaxshi transfer kampaniyasini o‘tkazdi, ya'ni o‘z tarkibini deyarli saqlab qolishga erishdi. «Hoffenhaym» kabi jamoalar uchun bu ham juda muvaffaqiyatli yoz hisoblanadi. Ya'ni, tarkibdagi muhim futbolchilarni va bog‘lamlarni saqlab qolgan holda yangi mavsumga kirib kelishning o‘ziyoq, jamoaning o‘tgan yilgidan kuchliroq bo‘lishini anglatadi. «Hoffenhaym» ayniqsa, mavsumoldi yig‘inlarini ko‘tarinki ruhda o‘tkazdi - yetti o‘yinda besh g‘alaba va ikki durang. Beshala g‘alaba ham yirik hisobda qo‘lga kiritildi. Ayniqsa, «Herenven» ustidan 8:2 hisobidagi ajoyib g‘alaba, «Kevo» darvozasiga javobsiz besh gol, Germaniya kubogi dastlabki bosqichida safarda «Kayzerlautern»ni 6:1 hisobida yengish. Raqiblar u qadar kuchli emasdir, ammo hujumdagi sermahsul o‘yin jamoada o‘yinida muammo yo‘qligini ko‘rsatadi.

O‘tgan mavsumni «Rapid» safida o‘tkazgan Joalintonga alohida e'tibor qaratish mumkin. Ushbu futbolchi kubok o‘yinida het-trik muallifi bo‘ldi. Mehmonlarning asosiy o‘yinchilari Kramarich, Xyubner, Demirbay, Amiri, Rupp kabi futbolchilar jarohat tufayli  safdan chiqib turgan paytda, aynan braziliyalik 22 yoshli hujumchi «Bavariya» darvozasiga xavf solishi mumkin.

«Bavariya» ham kubok o‘yinida keyingi bosqichga o‘tdi, kamtargina «Droxtersen» ustidan kamtar g‘alabaga erishdi. «Bavariya»ni Arturo Vidal tark etgan, futbolchilardan faqat David Alaba, Hames Rodriges, hamda Serj Gnabrining maydonga tushishi so‘roq ostida.

«Hoffenhaym» «Bavariya» uchun u qadar noqulay raqib hisoblanmaydi, so‘nggi 17 o‘yinda atigi ikki marotaba g‘alaba qozongan xolos. Shunday bo‘lsa-da, aynan Myunxendagi so‘nggi besh o‘yinning ikkitasida jamoa ochko olib ketganini e'tirof etish kerak.