O‘tgan mavsum oxirlarida Robert Levandovskining «Bavariya»ni tark etishi haqida mish-mishlar ko‘paydi. Hujumchi o‘zini matbuotdan uzoq tutgan bo‘lsa-da, «Bavariya» omadsiz o‘tkazgan aprel va may oylari natijasida paydo bo‘lgan salbiy muhit va tanqidlar, asosiy aybdor sifatida Robertning ko‘rsatilishi va boshqa holatlar Levandovskining Myunxendagi faoliyati yakunga qarab ketayotganidan dalolat qilardi. Hatto «Real» va «Manchester Yunayted» kabi klublar uni sotib olmoqchi ekani haqida ham xabarlar chiqib turdi.
Ammo ta'tildan qaytgan Robert Levandovski yangi murabbiy hamda jamoadoshlari bilan gaplashib oldi va yana «Bavariya»da qolishga qaror qildi. Aprel oyidan beri birinchi marta nemis nashriga intervyu berdi ham. E'tiboringizga polshalik futbolchining Sport Bild nashriga bergan intervyusini havola qilamiz.

- Siz bir necha oy jim turdingiz va intervyu bermadingiz. Hatto Germaniya superkubogidagi het-trikdan keyin ham hech narsa demadingiz? Nima uchun?
- Men apreldan buyon Germaniyada intervyu bermadim, Polshada esa, faqat terma jamoa mavzusida og‘iz ochdim xolos. Sababi, o‘tgan mavsum oxirida vaziyat yaxshi emasdi. Men qo‘llab-quvvatlashni sezmadim. Meni boshqa jamoa muxlislari tanqid qildi, mutaxassislar tanqid qildi, lekin jamoatchilik ham, klub ham meni himoya qilmadi. Men haqimda juda ko‘p noo‘rin ayblovlar, fikrlarni eshitishga majbur bo‘lsam-da, jim turishni afzal bildim. Endi esa, gapirsam bo‘ladi.
- Klub sizni yetarlicha qo‘llamadimi?
- Aprelda va mayda deyarli hamma menga qarshi bo‘lib qolgandi. Klub meni himoya qilmadi va o‘sha vaziyatda yolg‘izlanib qoldim. Ikki-uch muhim o‘yinda gol urmasligimni bilaman, darhol Levandovskiga qarshi o‘t ochishdi.
- Qanday bo‘lishi kerak edi?
- Hammasi joyida bo‘lsa, tabiiyki, o‘z ishimni qilayotgan bo‘laman. Agar muammo paydo bo‘lsa, hammasiga Levandovski aybdor. Mavsum oxirida menda shunday tasavvur uyg‘ongandi. Men anchadan buyon Germaniyadaman va to‘rt yildirki, «Bavariya»da o‘ynayapman. Meni u yoki bu o‘yinda gol ura olmaslikda ayblash mumkin, lekin bor kuchim bilan harakat qilmayotganimni aytishsa, bu noto‘g‘ri.
- Buning ustiga, jarohatlar bilan o‘ynashga to‘g‘ri keldi, shundaymi?

















