Ruslan Nuriddinov: «Rekord o‘rnatganimni keyin bilib qoldim»
Bugun, 26 avgust kuni Indoneziyaning Jakarta shahrida Osiyo o‘yinlari doirasida og‘ir atletika bahslari davom ettirildi.
Bugungi bahslarda o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi, Rio Olimpiadasi chempioni, -105 kg vaznda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Ruslan Nuriddinov dast ko‘tarishda 191 kg, siltab ko‘tarishda esa 230 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirib, umumiy 421 kg natija bilan raqiblaridan ustun keldi. Ruslan shu bilan birga Osiyo o‘yinlari rekordini ham yangiladi.
Ayni damda Indoneziyada bo‘lib turgan KUN.UZ jamoasi chempion bilan suhbatlashdi.
«2010 yilda yutqazgan edim, 2014 yilgi Osiyo o‘yinlarida esa olgan jarohatim sabab qatnasha olmagandim. Alloh g‘alaba qozonishimni aynan mana shu bugunga bitgan ekan, g‘olib bo‘ldim. Olimpiadaning shukuhi boshqacha, lekin ayni damdagi hissiyotlarim o‘zgacha.
Ishonasizmi, bahs oldidan murabbiylar bilan ozgina tortishib qoldik. Qaysi ma'nodaki, 222 kg ko‘targanimdan keyin chempionlik naqd bo‘lgach, ular 230 kg ko‘tarib nima qilasan, oldinda jahon chempionati bor, o‘zingni asragin deyishdi. Men esa bunga rozi bo‘lmadim va aynan mana shu og‘irlikni ko‘tarishni istadim. Ochig‘ini aytsam, tosh ko‘targanimdan so‘nggina Osiyo o‘yinlari tarixida og‘ir atletika bo‘yicha rekord o‘rnatganimni bildim va bundan juda xursandman. Olimpiadadan so‘ng orada ancha tanaffus bo‘ldi, shu sababmi bugungi musobaqada biroz hayajon bo‘ldi, ammo barcha rejalar uddalandi.
Keyingi yil Ashxobod shahrida og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati o‘tkaziladi. Mana shu musobaqa ham puxta tayyorlanib, sovrindorlar qatoridan joy olish niyatimiz bor», deydi Nuriddinov.
Mavzuga oid
08:53 / 07.12.2023
Og‘ir atletika bo‘yicha Ruslan Nuriddinov sport markazi tashkil etiladi
09:53 / 16.12.2022
Ruslan Nuriddinov ikkinchi marta jahon chempionligini qo‘lga kiritdi
20:54 / 21.03.2022
Ruslan Nuriddinov va Akbar Jo‘rayev o‘z vazn toifasida O‘zbekiston chempioni bo‘ldi
20:24 / 16.12.2021