Indoneziyadagi futbol turniri, terma jamoamizning u yerdagi ishtiroki menga juda yoqdi. Yoshlarimizning bu turnirda kuchliroq yo kuchsizroq, yaxshiroq va yoki yomonroq emas, farqliroq bo‘lishgani, ayniqsa. Aytish mumkinki, Indoneziyadagi termamizni oldingilarga o‘xshatib turgan yagona jihat Zabihillo O‘rinboyevning tarkibda bo‘lgani xolos. Hatto yil boshida chempion bo‘lgan jamoamizdan ham boshqacharoq o‘ynadi bunisi. 

Foto: Hasan Pirmuhammedov

Turli yoshdagi terma jamoalarimiz juda ko‘p turnirlarda qatnashishgan, finalda o‘ynaganmiz, uch marta chempion bo‘lganmiz. Yarim finaldan jahon chempionati yo‘llanmasini hal qilib qaytgan paytlarimiz bo‘lgan. O‘sha muvaffaqiyatli turnirlar bilan taqqoslaganda, bu safargisi juda quruq bo‘lgandir, kim uchundir alamlidir, ammo bir jihat bilan men Indoneziyadagi ishtirokimizni avvalgi ikki musobaqaga o‘xshatdim. Birinchisi – yoshlarimiz tariximizda ilk bor jahon chempionatiga chiqqan Qatardagi, o‘sha Geynrix-u Salomovlar porlagan turnir. Ikkinchisi – Inileyev terma jamoamiz boshqaruviga kelishidan oldin, yana Qatarda o‘tgan, Aziz Haydarov kashf etilgan 2006 yilgi Osiyo o‘yinlari... O‘sha jamoalarimiz boshqalardan farqlanib turardi. 

Yosh bo‘yicha cheklov o‘rnatilgan terma jamoalar o‘rtasidagi har qanday turnirga men boshqa rakursdan qarashga o‘rganib qolganman. Nazarimda, mutasaddilarimiz murabbiydan ko‘pincha, iloji boricha yaxshiroq natija, masalan chempionlik yoki yo‘llanma talab qilishar va qachon qarasa, jamoalarimiz taktik jihatdan o‘ta biqiq o‘yin namoyish etishardi. Murabbiyning taktikasidan chiqib ketmaslik, tartibli o‘yin ko‘rsatish va xato qilishdan qo‘rqish ba'zi o‘yinlarimizda jamoalarimizga natija olib kelgandir ehtimol, ammo futbolchilarimizning individual mahoratini ochib bermagandek tuyulardi. 

Foto: Hasan Pirmuhammedov
Foto: O‘FA matbuot xizmati

Yoshlar o‘rtasidagi har qanday turnirda men aynan futbolchilarning individual mahorati ochilishini kutaman, aynan mana shu tomondan muvaffaqiyat qozonilsa, keyinchalik, milliy terma jamoamizga foydaliroq bo‘ladi deb o‘ylayman. Chunki ma'lum qolipga yoki murabbiy tomonidan berilgan vazifalarga qattiq bog‘lanib, ba'zi vaziyatlarda erkinligi cheklangan futbolchining haqiqiy mahoratini bilish qiyin. Agar bunday holat klubda bo‘lsa, mayli, o‘sha ma'lum vazifa uchun qo‘llanilgan futbolchi keyinchalik ham, xuddi shu yuklama va vazifalarni bajarish uchun murabbiy tomonidan ishlatilaveradi. Ammo vaziyatga, aytaylik, Kuperning ko‘zi bilan qarasak, bu turnirda muhimi unga futbolchilarimizning ijro mahoratini namoyish etib berish edi. Menimcha, o‘ta pragmatik o‘yinlar bilan finalgacha yetib borgan jamoadan ko‘ra, har bir futbolchining individual mahoratini maydonda tomosha qilish Kuper uchun foydaliroq bo‘ldi.