O‘zbekiston | 07:56 / 27.08.2018
14002
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident madaniyat va san'atni yanada rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni ma'lum qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san'at sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, o‘tgan yillar davomida mamlakatimizda madaniyat va san'atni qo‘llab-quvvatlash, milliy madaniy va ma'naviy merosni saqlash hamda ko‘paytirish, xalqimizni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalari bilan tanishtirish, moddiy-texnik bazani yaxshilash va xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, ushbu sohada madaniyat va san'atni yanada rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolar va kamchiliklar mavjud. Jumladan:

birinchidan, metsenatlar va homiylar yordamini jalb qilishni rag‘batlantiradigan samarali huquqiy mexanizmlarning yo‘qligi respublika madaniyat va san'at muassasalari faoliyatini, eng avvalo, muqobil manbalar hisobidan munosib tarzda moliyalashtirishni ta'minlash imkonini bermayapti, bu esa byudjyet mablag‘lariga haddan ortiq qaramlikni keltirib chiqarmoqda;

ikkinchidan, xodimlarning kasbga tayyorgarlik darajasi hamda madaniyat va san'at muassasalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarning sifati zamonaviy talablarga va xalqaro standartlarga mos kelmaydi, bu esa ularning mahalliy tashrif buyuruvchilar va turistlar uchun jalb etuvchanligini pasaytirmoqda;

uchinchidan, mahalliy madaniyat va san'at muassasalarining jahon madaniy makoniga puxta integratsiya qilinmaganligi mamlakatimizning ijobiy qiyofasini shakllantirishda va mintaqaning madaniy markazi sifatidagi maqomini mustahkamlashda mavjud boy madaniy-tarixiy merosdan hamda madaniyat va san'atning zamonaviy yo‘nalishlaridan to‘liq foydalanish imkonini bermayapti;

to‘rtinchidan, madaniy meros obektlari, respublikaning muzey, arxiv, kutubxona va boshqa jamg‘armalari butligini ta'minlashga lozim darajada e'tibor qaratilmayapti, bu esa mamlakat madaniy-tarixiy merosini saqlash va ommalashtirishga kompleks yondashish imkonini bermayapti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid