Abdulaziz Komilov Afg‘oniston rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi
2018 yilning 27 avgust kuni Kobul shahriga amaliy tashrif bilan borgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘oniston prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani tomonidan qabul qilindi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Vazir O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomidan Afg‘oniston rahbariyatini dunyo musulmonlarining muhim bayrami — Qurbon hayiti munosabati bilan yana bir bor samimiy tabrikladi hamda butun birodar afg‘on xalqiga tinchlik va farovonlik tilaklarini yetkazib qo‘ydi.
Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida 2018 yil 27 mart kuni Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasining asosiy qoidalari amalga oshirilishining borishi e'tibor markazida bo‘ldi. Jumladan, Afg‘onistonda tinch siyosiy jarayonga ko‘maklashish bo‘yicha o‘zaro kelishilgan choralar muhokama qilindi.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, avvalo oliy darajadagi muntazam O‘zbekiston—Afg‘oniston muzokaralari doirasida erishilgan kelishuvlarning bajarilishi ham ko‘rib chiqildi. Xususan, tomonlarning temir yo‘l va energetika sohalari bo‘yicha mutaxassislari «Mozori-Sharif—Hirot» temir yo‘l liniyasi hamda «Surxon—Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish bilan bog‘liq ba'zi muhim masalalarni muhokama qildi.
Tomonlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibining boshqa mavzularini ham ko‘rib chiqdi.
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston delegatsiyasi Kobul shahrida Afg‘oniston prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Hamdulla Muhib, Ijroiya hokimiyati rahbari Abdulla Abdulla va tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Nosir Andisha bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Mavzuga oid
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
14:12 / 06.11.2024
O‘zbekiston va YeI afg‘on masalasi bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvni davom ettiradi
22:45 / 02.11.2024