Mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qadoqlash, tamg‘alash, saqlash, realizatsiya qilish hamda utilizatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasining 1997 yil 30 avgustdagi «Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tartibga solinadi, deb xabar bermoqda «O‘zstandart».

Iste'molchi o‘zi xarid qilayotgan mahsulot to‘g‘risidagi axborotni ushbu mahsulotning tamg‘asidan (markirovka) oladi. Shuning uchun ushbu qonunda oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash va tamg‘alashga alohida e'tibor qaratilgan.

Mazkur qonunning 12-moddasida: Oziq-ovqatlar ishlab chiqaruvchi yuridik va jismoniy shaxslar ularni qadoqlangan, o‘ralgan (barcha muomala bosqichlarida sifati va oziqlik qimmati saqlanib qolishini ta'minlaydigan) va qonun hujjatlariga muvofiq tamg‘alangan holda chiqarishlari shart ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuningdek, qadoqlangan va o‘ralgan oziq-ovqatlar, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari yoriqlarga (suqma varaqalarga) ega bo‘lishi, ularda quyidagi axborotlar ko‘rsatilishi kerak:

• oziq-ovqatning nomi;

• oziq-ovqatni nimaga mo‘ljallanganligi (bolalarga maxsus mo‘ljallangan mahsulotlar va parhez taomlar uchun);

• tayyorlovchining nomi;

• tovar belgisi (belgiga ega tashkilotlar uchun);

• oziq-ovqat tarkibiga kirgan narsalar, shu jumladan oziq-ovqat qo‘shimchalarining nomi;

• oziqlik qimmati, navi;

• saqlash shart-sharoitlari;

• tayyorlangan sanasi, yaroqlilik muddati;

• tayyorlash usuli (masalliqlar hamda maxsus bolalarbop va parhez oziq-ovqat mahsulotlari uchun);

• og‘irligi;

• foydalanish usuli (biologik faol qo‘shimchalar: oziq-ovqat qo‘shimchalari, maxsus bolalarbop va parhez oziq-ovqat mahsulotlari uchun);

• muvofiqlik belgisi (mahsulotini muvofiqlik belgisi bilan tamg‘alash huquqini beradigan litsenziyasi bor korxonalar uchun);

• normativ yoki texnikaviy hujjatlarning nomerlari.

Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlarini tamg‘alash yuzasidan 2017 yil 12 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Oziq-ovqat mahsulotini tamg‘alash yuzasidan uning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 490-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan UzTR.490-022:2017 sonli «Oziq-ovqat mahsulotini tamg‘alash yuzasidan uning xavfsizligi to‘g‘risidagi» umumiy texnik reglamenti qabul qilindi hamda bu texnik reglament joriy yilning 12 iyul kuni amalga kiritildi.