XVIII Osiyo o‘yinlarida eng uzoq davom etgan musobaqalardan biri – og‘ir atletika bo‘yicha bahslar yakuniga yetdi. 8 kun davomida har kuni bittadan vazn toifasidagi atletlar tosh ko‘tarishda bellashdilar. Uzoq yillardan buyon qit'ada gegemonlik qilib kelayotgan xitoylik va Osiyo grandlari qatorida sanaladigan qozog‘istonlik og‘ir atletikachilarning bu galgi aziadada qatnashmagani boshqa ishtirokchilarning imkoniyatlarini ancha oshirdi. Shu jumladan, O‘zbekiston termasi ham Osiyo o‘yinlaridagi o‘zining eng yaxshi natijasini qayd etdi.

Jakarta-2018 O‘zbekiston og‘ir atletika terma jamoasi uchun alohida ahamiyat kasb etdi: ilk oltin medal qo‘lga kiritildi, o‘zbek sportchisi musobaqaning tarixiy rekordini o‘rnatdi,  yakuniy jadvalda birinchi marta kuchli uchlikka kirish vazifasi uddalandi, medallarning sifati ham soni bo‘yicha avvalgi natijalardan yaxshirog‘iga erishildi.

Osiyo o‘yinlarining tosh ko‘tarish musobaqalarida O‘zbekiston sharafini 8 nafar sportchi himoya qildi, ulardan 5 nafari medal bilan ortga qaytadigan bo‘ldi. 2 yil oldingi yozgi Olimpiadada ishtirok etgan 5 sportchimizdan 3 nafari (Nuriddinov, Yoqubov, Jangaboyev) Jakartadagi turnirda qatnashdi; ularning uchalasi ham sovrindorlar safidan o‘rin oldi.

Dastlabki medalni 62 kg vazn toifasida Adhamjon Ergashev olib berdi. U dast ko‘tarishda 136 kg, siltab ko‘tarishda 162 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirib, jami 298 kg natija bilan bronza medalga sazovor bo‘ldi. Kumush medalga ega chiqqan vetnamlik sportchi Adhamjondan bor-yo‘g‘i 1 kg ko‘proq natijaga erishgandi. Agar dastlabki beshala urinishni ham muvaffaqiyatli yakunlagan Ergashev so‘nggi 165 kg.lik toshni siltab ko‘tara olganida edi, oltin medalga ega chiqishi ham hech gap emasdi.

Adhamjon Ergashev / Foto: Hasan Pirmuhammedov

19 yoshli sportchimiz 2014 yili Nankinda o‘tgan yoshlar olimpiadasida bronzaga sazovor bo‘lgan. Shundan so‘ng 2016 va 2017 yillardagi Osiyo birinchiliklarida hamda 2018 yilgi jahon chempionatida ham bronza medalini (faqat bir yo‘nalishda) qo‘lga kiritgan edi. Qolaversa, u shu yilning iyul oyida Toshkentda tashkil etilgan og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida mutlaq g‘olib bo‘ldi.