Ayolga nisbatan ayniqsa turmush o‘rtog‘i tomonidan zo‘ravonlikning qayd etilishi sog‘liqni saqlash va inson huquqlari buzilishi yo‘lidagi jiddiy muammodir.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi ayolga hayoti davomida o‘z umr yo‘ldoshi tomonidan jismoniy tazyiq o‘tkaziladi. Turmush qurgan ayollarning 30 foizi hamrohi tomonidan zo‘ravonlik holatlariga duch kelganlari haqida ma'lum qiladi. Ayollar o‘limining 38 foizi ularning turmush o‘rtog‘i tomonidan amalga oshiriladi va zo‘ravonlikka duch kelgan ayollarning 42 foizigina muammo haqida ochiq so‘zlaydi.

Oilaviy zo‘ravonlik - o‘z ko‘lamiga ko‘ra global muammo. U turmush darajasi va demokratizatsiya formatidan qat'i nazar, dunyoning barcha mamlakatlarida kuzatiladi. Ayollardan nafratlanuvchi erkaklarni faqat qashshoq yoki badavlat, oliy ma'lumotli yoki ma'lumoti yo‘q, yevropalik yo osiyolik deb ajratib bo‘lmaydi. Bundaylarning alohida bir millati yo e'tiqodi bo‘lmaydi.

Afsuski, O‘zbekiston ham bundan mustasno emas. Bizning mamlakatimizda maishiy yoki "uy zo‘ravonligi"ga ko‘pincha bir oila muammosi sifatida qaralgan. Odamlar bunday muammolarni uydan tashqariga olib chiqmaslikka harakat qilishadi. Aksariyat holatlarda zo‘ravonlik qurboni sharmandlik va turli gap-so‘zlardan qo‘rqib, jim yurishga majbur bo‘ladi. Bunday vaziyatda qolgan ayollarning indamasligiga bir necha sabab bo‘ladi. Kimlardir moliyaviy yordamsiz qolishdan qo‘rqsa, boshqalari farzandlari va o‘z hayoti uchun xavfsiraydi. Zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayol har tomonlama qiyin holatda qoladi. Ayniqsa, hatto eng yaqin insonlari ham bu muammoni hal qilishdan o‘zini olib qochganda. Oxir-oqibat bu doimiy qo‘rquv, depressiya, o‘z joniga qasd qilish kabilar bilan tugaydi.

Muammo, uning sabablari  va hal qilish usullari

Maishiy zo‘ravonlik nima? Maishiy zo‘ravonlik - bir inson o‘z umr yo‘ldoshini total nazorat ostiga olib, o‘zaro munosabatlarda to‘liq hukmronlik qilishga urinishi. Bu jismoniy va axloqiy ustidan kulish holatlarida yoki moliyaviy holatini suiste'mol qilishda namoyon bo‘lishi mumkin. Jismoniy zo‘ravonlik jismoniy jarohatlarga olib keladi va ba'zi holatlarda hayot uchun xavf tug‘diradi.

  • Ayolga qo‘l ko‘tariladi, kaltaklanadi, jismoniy zo‘ravonlik ishlatiladi.

Axloqiy zo‘ravonlik - o‘z "o‘ljasi" ustidan hukmronlik o‘rnatishning samarali usuli. Bu ko‘pincha tashqaridagi odamlar uchun ko‘rinmaydi.