Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani «Nayman» mahallasidagi Qiymado‘z qishlog‘ining bir guruh fuqarolaridan Kun.uz tahririyatiga murojaat kelib tushdi. Unda qishloqdagi bir qator muammolar bayon etilgan va ularning hal etilishida amaliy yordam so‘ralgan.

Murojaatnomada qayd etilgan aholini qiynayotgan masalalarni joyida birma-bir o‘rgandik.

Qiymado‘z qishlog‘ida bugungi kunda 200ga yaqin xonadon bo‘lib, bu yerda 1000 nafarga yaqin kishi istiqomat qiladi. Ushbu qishloq Navoiy viloyatining Xatirchi tumani markazi bilan chegaradosh. O‘rtasidan Oqdaryo daryosi oqib o‘tgan. Qishloq aholisining Xatirchi tumaniga qatnovi uchun 1987 yilda daryoda temirdan ko‘prik qurilgan. Bu ko‘prikdan nafaqat xatirchiliklar, unga yaqin bo‘lgan bir nechta qishloq aholisi foydalanib keladi. Ayni vaqtda ko‘prik holati yaxshi emas. Xavfsizlik me'yorlariga umuman javob bermaydi. Aholini qiynayotgan asosiy masalalardan biri shu.

Sababi — qishloq bolalarining aksariyati Xatirchi tumani markazida joylashgan Yangirabot shaharchasidagi rus tilida ta'lim beriladigan maktabga qatnaydi. Qishloq aholisi deyarli har kuni turli yumushlar, ehtiyojlar va bozor-o‘char uchun Yangirabotga shu ko‘prik orqali boradi. Qishloq aholisining aytishicha, o‘tgan yili ko‘prikdan bir maktab o‘quvchisi tushib ketib, vafot etgan.

— Ushbu ko‘prik holatidan xabarimiz bor, — deydi Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi qurilish bo‘yicha bosh mutaxassisi M.Rasulov. — Ko‘prikni ta'mirlash choralarini ko‘ramiz. Hech qanday dasturga kiritilmagani bois homiylarni jalb qilishga harakat qilamiz.

Qishloq fuqarolarining aytishicha, ko‘prik ta'miri uchun bir necha marta pul yig‘ishgan, ammo mablag‘ ko‘prikni qoniqarli darajada ta'mirlash uchun yetarli bo‘lmagan. Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligiga shu masalada ko‘p bora murojaat qilishgan. Biroq amaliy yordam berilmagan.

Yana bir masala. «Qishloqdan Kattaqo‘rg‘on tuman markazi Payshanba shaharchasigacha bo‘lgan 37 kilometrlik yo‘l abgor holatda. Avtomobillar masofani 1,5–2 soatda yo‘l terib bosib o‘tadi. Tuman mutasaddilari har yili yo‘limizni tuzatish haqida qop-qop va'da bergani bilan amaliy natija bo‘lgani yo‘q. Hatto fermerlardan yo‘lni tuzatamiz, deb pul ham yig‘ishgan. Lekin «aldagani bola yaxshi», deyishganidek, falon dasturga kiritildi, deb aldashadi. Ayting-chi, bu dasturbozliklarning oxiri bormi?»,