O‘zbekiston | 07:54 / 06.09.2018
75418
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident xalq ta'limi tizimidagi muammolar va kamchiliklarni ma'lum qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Xalq ta'limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, xalq ta'limi tizimini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma'naviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarishning eng muhim sharti hisoblanadi, shuningdek, o‘quv-tarbiya jarayonida ta'limning innovatsion shakllari va usullarini qo‘llashga ko‘maklashadi.

Shu bilan birga, ushbu sohadagi ishlar holatini tanqidiy tahlil qilish xalq ta'limi tizimi boshqaruvini tashkil etish, davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining faoliyatini amaliy jihatdan muvofiqlashtirish, ularning moddiy-texnik holatini yaxshilash bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirishda bir qator muammolar va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi. Jumladan:

birinchidan, joylarda umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta'lim sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, umumta'lim muassasalari rahbarlarini tanlash va joy-joyiga qo‘yish masalalarini hal etish, idoraviy mansub tashkilotlarning mulkidan samarali foydalanishda xalq ta'limi boshqaruv organlari rolining yetarli darajada emasligi;

ikkinchidan, umumta'lim muassasalari rahbarlari zimmasiga ularga xos bo‘lmagan vazifalar va funksiyalarni yuklash, muassasa direktori va uning o‘rinbosarlari o‘rtasida vakolatlarning aniq taqsimlanmaganligi, ular faoliyati samaradorligini baholashning aniq mezonlari va parametrlari mavjud emasligi;

uchinchidan, umumiy o‘rta ta'limning dolzarb masalalari va ularning natijalarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha chuqur ilmiy tadqiqotlarning mavjud emasligi, o‘quv-tarbiya jarayonini uslubiy ta'minlash masalalarida xalq ta'limi bo‘limlari va umumta'lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik darajasining pastligi;

to‘rtinchidan, rahbarlar, o‘qituvchilar va umumta'lim muassasalari boshqa xodimlarining kasbiy faoliyatiga asossiz ravishda aralashuvdan himoya qilish mexanizmlarining samarasizligi, nazorat qiluvchi va boshqa davlat organlari tomonidan maktablarni tekshirish haddan ziyod ko‘payib ketganligi;

beshinchidan, ta'lim sifatini ta'minlash, o‘qituvchilarning bilim darajasini va pedagogik mahoratini oshirish masalalarida umumta'lim muassasalari faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflik darajasining yetarli darajada emasligi, o‘quv-tarbiya jarayoni ustidan samarali jamoatchilik nazoratining mavjud emasligi;

oltinchidan, xalq ta'limi tizimi muassasalarini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta'minlash mexanizmining mukammal emasligi, ularning faoliyatiga zamonaviy me'moriy yechimlar, innovatsion ishlanmalarni va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish darajasining pastligi.

Mavzuga oid