Jahon | 07:42 / 07.09.2018
5684
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyada prezident bo‘lishga asosiy da'vogar nomzodga jarohat yetkazildi

Foto: Antonio Scorza/Globo/AP

Braziliyada prezidentlikka nomzodlardan biri Jair Bolsonaru 6 sentabrda saylovoldi tadbiri vaqtida pichoq bilan yaralandi. Uning o‘g‘li Flaviuning ma'lum qilishicha, hozirda Bolsonaruning ahvoli me'yorlashgan.

Globo telekanalining ma'lum qilishicha, siyosatchi operatsiya qilingan.

Siyosatchiga hujum Minas-Jyerays shtatining Juiz-di-Foru shahrida sodir etilgan. Uning oshqozon qismiga pichoq bilan zarba berilgan.

Braziliyaning sobiq prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva oktabrda o‘tadigan prezidentlik saylovlariga qo‘yilmagandan keyin mutaxassislar Bolsonaruni saylovlarda g‘alaba qozonishga asosiy nomzod deb atashayotgandi.

Ta'kidlanishicha, hujum videosida Bolsonaru tarafdorlari qurshovida bo‘lganda, olomon orasidan siyosatchiga zarba berilganini ko‘rish mumkin. Videoda kim hujum qilganini ko‘rishning iloji bo‘lmagan, biroq qo‘riqchilarning xatti-harakatlariga ko‘ra bosqinchi qo‘lga olingan.

G1 portalining xabar berishicha, gumonlanuvchi siyosatchi bilan “turli qarama-qarshi fikrlarga ega bo‘lgani” sababli unga hujum qilgan. Shuningdek, hujum shaxsiy sabablarga ko‘ra amalga oshirilgani aytilgan.  

Braziliya prezidenti Mishel Temer ushbu hodisani “saylovoldi kampaniyasini osoyishta o‘tkazishni ilojsiz qiluvchi” nomaqbul holat deb atagan. 

Mavzuga oid