Jamiyat | 13:16 / 08.09.2018
15152
2 daqiqa o‘qiladi

Tilla taqinchoqlarni yosh qizaloqlardan foydalanib olib kirishga uringan shaxs to‘xtatib qolindi

Andijon viloyati bojxona boshqarmasi “Do‘stlik” chegara bojxona postida T.B. ismli shaxs bojsiz olib kirish bo‘yicha ruxsat etilgan norma – 65 gr.dan tashqari yana 54,46 gr. og‘irlikdagi zargarlik buyumlarini olib kirishga uringan paytda to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Kun.uz’ga xabar berdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Buning uchun ushbu shaxs mazkur taqinchoqlarni postdan o‘tayotgan yosh qizaloqlardan foydalanib, olib o‘tish berish uchun ularga taqib qo‘yadi.

Shu tariqa, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida hamda bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilmasdan turib, bojxona nazoratidan yashirgan holda bojxonachilarni chalg‘itish yo‘li bilan olib o‘tmoqchi bo‘lingan zargarlik buyumlarining umumiy qiymati salkam 11 mln. so‘mni tashkil qildi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Shuningdek, mazkur postda bojxonachilar 10 nafar jismoniy shaxslar tomonidan bojsiz olib kirish normalarini suiiste'mol qilgan holda shaxsiy foydalanish, degan niqob ostida tovarlarni olib kirishga doir qator bojxona qoidabuzarliklarini fosh qilishdi.

Natijada, 13 nomdagi televizor, changyutgich, sovutgich, muzlatgich kabi jami qiymati 84 mln. so‘mlik maishiy texnika buyumlarining noqonuniy olib kirilishga chek qo‘yildi va mazkur tovarlar ashyoviy dalil tariqasida vaqtincha saqlovga olindi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Andijon viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid