Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti ayrim talabalari yangi o‘quv yilida oliygohda o‘qishni davom ettirish uchun qariyb 22 million so‘m miqdorida belgilangan to‘lov-shartnomasini to‘lay olmasligini bildirmoqda. KUN.UZ tahririyatiga murojaat qilgan bir guruh talabalar internetda #dipkontraktdown heshtigi orqali o‘z noroziliklarini namoyon etyapti.
- Kontrakt miqdori dastlab 11 million so‘m etib belgilangandi. Bu miqdor O‘zbekistondagi eng yuqori qiymatli kontrakt to‘lovi hisoblanadi, - deydi talabalardan biri. - Avgust oyining oxirlarida bu qiymat 22 million so‘mga oshirilgani haqda qaror chiqarildi. Afsuski, to‘lovni universitetda tahsil olayotgan talabalarning aksariyati to‘lay olmaydi. Biz hozir nima qilishni bilmay turibmiz.
- Bu qaror talabalar sharoitidan kelib chiqib o‘zgartirilmaguncha, biz o‘z harakatimizdan to‘xtamaymiz, - deydi talabalardan yana biri.
Masalaning huquqiy asoslariga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 21.06.2018 yildagi “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3795-sonli qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga har yili universitetda to‘lov-kontrakt asosidagi bakalavriat va magistraturada ta'lim olishning qiymatini tegishli yo‘nalish va mutaxassislik bo‘yicha respublika ta'lim muassasalari uchun belgilanganidan 3 baravar oshmagan miqdorda belgilash huquqi taqdim etildi.
Ko‘rinib turibdiki, bu borada amaldagi qonun hujjatlari talablari buzilmagan, universitet ma'muriyati vakolat doirasidan chetga chiqmagan.
2018/2019 o‘quv yilidan boshlab JIDUning bakalavriati (22,1 million so‘mgacha) va magistraturasida (24,3 million so‘mgacha) to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olish ikki barobarga oshirildi. Bildirilishicha, JIDUga jiddiy iqtisodiy-moliyaviy xarajatlarsiz yangi avloddagi ilmiy-ma'rifiy va tarbiyaviy ishlar haqida gapirib bo‘lmaydi.
Ushbu vazifalarning bajarilishi ham davlat resurslari, universitetning byudjyetdan tashqari mablag‘larini optimallashtirishni talab qiladi. Shu nuqtai nazardan, to‘lov-kontrakt asosida o‘qish narxining oshishi «yangi sharoitda universitet faoliyatini ta'minlashning muhim talablariga javob beradi».
Universitetning tubdan qayta qurish jarayoni allaqachon boshlangan, deya ma'lum qilishdi JIDUdan.
















